add

Rossiyada onlayn kazinolarni qonuniylashtirish taklif etildi

Kecha 16:352 daqiqa

Bu orqali Rossiya hukumati urush xarajatlarini qoplash va davlat budjetini to‘ldirishni rejalashtirmoqda.

Rossiyada onlayn kazinolarni qonuniylashtirish taklif etildi

Rossiya Moliya vaziri Anton Siluanov Putinga onlayn kazino faoliyatini qonuniylashtirishni taklif qildi. Bu haqda «Kommersant» nashri hujjat bilan tanish bo‘lgan manbalarga tayanib, xabar berdi.

Tashabbusga ko‘ra, maxsus operator tashkil etilib, u onlayn-kazino faoliyatidan olinadigan tushumning kamida 30 foizini davlat budjetiga o‘tkazishi kerak bo‘ladi. Vazirlik hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu chora yiliga taxminan 100 mlrd rubl qo‘shimcha budjet daromadini ta’minlashi mumkin.

Ayni paytda Rossiyada onlayn-kazinolar taqiqlangan. Internet orqali qimor o‘yinlarini faqat bukmekerlik kontoralari va totalizatorlar qonuniy ravishda tashkil etishi mumkin. Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda qonuniy bukmekerlik bozori hajmi 1,7 trln rublga yetgan. Shu bilan birga, noqonuniy onlayn-kazinolar aylanmasi yiliga 3 trln rubldan ortiq deb baholanmoqda.

Taklif etilayotgan model

Taklif etilayotgan modelga muvofiq, onlayn-kazinolar uchun yagona operator prezident qarori bilan, hukumat taklifi asosida belgilanadi. Stavkalarni qabul qilish bukmekerlar kabi Yagona stavkalarni hisobga olish markazi orqali amalga oshiriladi. Soliq bazasi esa to‘langan yutuqlar chiqarib tashlanganidan keyingi tushum hisobidan shakllantiriladi.

Onlayn-kazinolardan soliq undirish va bozorni nazorat qilish PPK «Yagona qimor o‘yinlari regulyatori» orqali amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, ishtirokchilar uchun yosh cheklovi joriy qilinib, foydalanuvchilar kamida 21 yoshda bo‘lishi shart qilib belgilanadi. Ekspertlar onlayn kazinoni qonuniylashtirish ludomaniya (jinnilik) xavfini kuchaytirishi mumkinligini ta’kidlab, qat’iy davlat nazorati zarurligini bildirdi.

Rossiyada budjet taqchilligi

Ushbu tashabbus Ukrainadagi urush bilan bog‘liq xarajatlar keskin oshgan sharoitda ilgari surilmoqda. Budjet to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, 2026 yilda budjet rejadagi 40,28 trillion rubl daromadga chiqish uchun qo‘shimcha ravishda 3,2 trillion rubl soliq yig‘ishi kerak.

Mazkur summaning 1,2 trillion rublini Rossiya hukumati qo‘shilgan qiymat solig‘ini 22 foizgacha oshirish orqali yig‘ishni rejalashtirmoqda. Bu Rossiya uchun 1992 yildan beri eng yuqori QQS stavkasi hisoblanadi. Yana 200 milliard rubl budjetga kichik biznes uchun mo‘ljallangan keskin soliq islohoti orqali kelib tushishi kutilmoqda.

Shuningdek, 2026 yil 1-sentabrdan boshlab texnika va elektronika mahsulotlariga «texnologik yig‘im» joriy etiladi, undan hukumat uch yil davomida qo‘shimcha 200 milliard rubl daromad olishni ko‘zda tutgan.

Moliya vazirligi hisob-kitoblariga ko‘ra, navbatdagi soliq oshirish choralari 2025 yilda rejadagidan besh barobar oshib, 5,7 trillion rublni tashkil etgan budjet taqchilligini qisqartirishga xizmat qilishi kerak. Joriy yilda esa davlat xazinasidagi «tuynuk» 3,8 trillion rublgacha, ya’ni yalpi ichki mahsulotning 1,6 foizigacha kamayishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid