add

Rossiyada oziq-ovqat ishlab chiqarish so‘nggi 15 yilda ilk bor pasaydi

Bugun 17:18652 daqiqa

Rossiyada oziq-ovqat ishlab chiqarish 2009 yildan beri ilk bor pasaydi, asosiy sabab esa aholining tejamkor xaridlari va ishlab chiqaruvchilardagi investsiya inqirozi bilan bog‘liq.

Rossiyada oziq-ovqat ishlab chiqarish so‘nggi 15 yilda ilk bor pasaydi

Rossiya oziq-ovqat sanoatida 15 yil davomida birinchi marta ishlab chiqarish pasayishi qayd etildi. Forbes Russiaʼning Rosstat ma’lumotlariga asoslanib xabar qilishicha, joriy yilning yanvar—sentabr oylarida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilga nisbatan 0,6 foizga kamaydi, ichimliklar ishlab chiqarish esa 4,1 foizga tushgan. Holat mamlakatda aholi tomonidan iste’mol qisqarishi va bozordagi beqaror iqtisodiy muhit bilan izohlanmoqda.

Investitsiyalar bo‘yicha vaziyat yanada keskin. «TenderPro» tahlilchilari xabariga ko‘ra, 2025 yilning 11 oyida oziq-ovqat sanoatida ishga tushirilgan yangi loyihalar soni o‘tgan yilga nisbatan 46 foizga kamaygan. Investitsiyalar umumiy hajmi 104,7 mlrd rublni tashkil etdi — bu o‘tgan yilgi 194,6 mlrd rublga nisbatan deyarli ikki barobar kam. INFOLine ma’lumotlariga ko‘ra, investitsion faollik 2013 yil darajasiga qaytgan.

Sanoat sub’ektlarining qarz yuki ham keskin o‘sgan. 2025 yil 1-oktabr holatiga korxonalarning umumiy kredit qarzi 1,87 trln rublga yetdi, bu bir yil davomida 9 foiz o‘sish demakdir. Muddatni o‘tkazib yuborish ulushi 2,7 foizga ko‘tarilgan. Korxonalarning to‘lov yuki ham kuchaydi: 9 oyda banklarga qilingan to‘lovlar 196 mlrd rublni tashkil etdi — o‘tgan yilga nisbatan 64 mlrd rublga ko‘p.

Ekspertlarning fikricha, ishlab chiqarish tiklanishiga bir qancha omillar to‘sqinlik qilmoqda: ishchi kuchi yetishmasligi, inflyatsiyaning tezligi, yuqori kredit stavkalari va aholining tejamkor xulq modeliga o‘tishi. Iste’molchilar ko‘proq arzonroq mahsulotlarga o‘tayotgani, delikates va qimmat mahsulotlardan voz kechayotgani aytiladi. Chegirmali va aksiyali savdolarga talab sezilarli oshgan.

Iqtisodchilarning ta’kidlashicha, Rossiyada oziq-ovqat xarajatlari aholi daromadining katta qismini egallaydi. 2024 yil ma’lumotlariga ko‘ra, har o‘ninchi munitsipal tumanda aholi xarajatlarining kamida yarmi ovqatlanishga sarflangan.

Teglar

Mavzuga oid