Rossiyada Telegram asoschisiga og‘ir ayblov qo‘yildi

24.02.2026 | 21:402 daqiqa

Pavel Durov Rossiyada unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, davlat so‘z erkinligi va shaxsiy hayot daxlsizligini cheklash uchun yangi bahonalar o‘ylab topmoqda.

Rossiyada Telegram asoschisiga og‘ir ayblov qo‘yildi

«Telegram» asoschisi Pavel Durov Rossiyaning hukumatparast nashrlari uning «harakatlari» terroristik faoliyatga ko‘maklashish jinoiy ishi (JKning 205.1-moddasi 1.1-qismi) doirasida tergov qilinayotgani haqidagi xabarlariga izoh berdi.

«Rossiya menga qarshi «terrorizmga ko‘maklashish» bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Har kuni hukumat rossiyaliklarning «Telegram»dan foydalanishini cheklash uchun yangi bahonalar o‘ylab topmoqda, bu bilan shaxsiy hayot daxlsizligi va so‘z erkinligi huquqini bostirishga intilmoqda. O‘z xalqidan qo‘rqadigan davlatning ayanchli manzarasi», — dedi Durov o‘zining ingliz tilida yuritadigan kanalida.

Da’volar

Tergov haqidagi xabarlarni 24-fevral kuni «Rossiyskaya gazeta» va «Komsomolskaya pravda» nashrlari e’lon qildi. Maqolalarda ushbu xabarlar «FXX materiallari»ga asoslangani qayd etilgan.

Gazeta materiallarida da’vo qilinishicha, «Telegram» jinoyatlar, jumladan teraktlar va yuqori martabali harbiylarning o‘ldirilishini sodir etish uchun ishlatilgan. Nashrlarda messenjer urush (maxsus harbiy operatsiya) sharoitida «NATO davlatlari va «Kiyev rejimi» maxsus xizmatlarining asosiy vositasiga aylangani» aytilgan.

Rossiyada «Telegram» ishi 2025 yil yozidan beri cheklab kelinmoqda. Fevral boshida hukumat messenjerni «sekinlashtirish»ni kuchaytirdi va bu bilan «Rossiya qonunchiligi ijrosini ta’minlash va fuqarolarni himoya qilish»ga erishilayotganini ta’kidladi.

Bu birinchisi emas

Pavel Durovga nisbatan «Telegram» sabab Fransiyada ham jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. 2024 yilda u boshqa shaxslar messenjer orqali sodir etgan jinoyatlar, jumladan firibgarlik, pul yuvish, bolalar pornografiyasi va narkotiklar tarqatilishida sheriklikda, shuningdek, «Telegram» Fransiya politsiyasi so‘rovlarini e’tiborsiz qoldirishda ayblangan edi.

Teglar

Mavzuga oid