add

Rossiyada Telegram va WhatsAppʼni bloklash boshlandi

22.10.2025 | 17:302862

Roskomnadzor Telegram va WhatsApp messenjerlariga nisbatan «jinoyatchilarga qarshi kurashish maqsadida» qisman cheklov joriy etganini ma’lum qildi.

Rossiyada Telegram va WhatsAppʼni bloklash boshlandi

Rossiya axborot nazorati idorasi — Roskomnadzor Telegram va WhatsApp messenjerlariga nisbatan «qisman cheklov» joriy etishni boshladi. Bu haqda tashkilot TASS agentligi orqali ma’lum qildi.

«Huquqni muhofaza qilish organlari materiallari asosida jinoyatchilarga qarshi kurashish uchun chet el messenjerlarining faoliyati qisman cheklanmoqda», — deyilgan rasmiy bayonotda.

Idora Telegram va WhatsApp platformalarida «firibgarlik va pul o‘g‘riligi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar» faollashganini, ayrim hollarda foydalanuvchilarni «diversion yoki terroristik harakatlarga jalb etish holatlari» qayd etilganini ma’lum qildi. Roskomnadzorning ta’kidlashicha, har ikki kompaniyaga rasmiy murojaatlar yuborilgan, ammo hech qanday chora ko‘rilmagan.

20 va 21 oktyabr kunlari Rossiya bo‘ylab Telegram va WhatsApp foydalanuvchilari ommaviy uzilishlarga duch keldi. Dushanba kuni Pavel Durov platformasi foydalanuvchilari butun mamlakat bo‘ylab muammolar haqida xabar bergan, yakshanba kuni esa Rostov, Krasnodar, Stavropol va Astraxan oblastlarida shikoyatlar ko‘paygan.

«WhatsApp, ehtimol, qisman bloklangan, — deb yozdi «Internetni himoya qilish jamiyati» rahbari Mixail Klimaryov. — Hozircha butun Rossiyada emas, lekin cheklovlar janubdan Ural va Sibir tomon siljiyapti». Uning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayon bosqichma-bosqich kechmoqda va Telegram to‘liq bloklanishi dekabr yoki yanvar oylariga to‘g‘ri kelishi mumkin.

RBK manbasining ma’lum qilishicha, so‘nggi uzilishlar «texnik himoya tizimlarini sozlash» ishlari bilan bog‘liq bo‘lgan. Axborot xavfsizligi bo‘yicha mustaqil ekspert Aleksey Uchakinning ta’kidlashicha, hozirda hukumat trafikni to‘liq filtrlash imkoniyatini sinab ko‘rmoqda.

Teglar

Mavzuga oid