
Rossiyada uy-joyni naqd pulga xarid qilish taqiqlanishi mumkin
Rossiya Davlat dumasida ko‘chmas mulk bitimlarini faqat naqdsiz shaklda amalga oshirish taklifi ilgari surildi, qoida shu yilning o‘ziyodayoq kuchga kirishi mumkin.

Rossiya Davlat dumasida ko‘chmas mulk bilan bog‘liq barcha bitimlarda naqd puldan foydalanishni taqiqlash taklif qilindi. Bu haqda moliya bozori qo‘mitasi raisi Anatoliy Aksakov ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tashabbus jismoniy shaxslar va biznes subyektlariga birdek tatbiq etiladi.
Aksakov ta’kidlashicha, barcha uy-joy bitimlari naqdsiz shaklda amalga oshirilsa, fuqarolar manfaatlari yaxshiroq himoya qilinadi va firibgarlik holatlari keskin kamayadi. U bugungi kunda naqd hisob-kitoblar orqali ko‘plab suiiste’molliklar amalga oshirilayotganini qayd etdi.
Qonun qabul qilingan taqdirda, yangi tartib 2026 yilning ikkinchi yarmidan amal qila boshlaydi. Hozircha hujjat loyiha bosqichida bo‘lib, muhokamalar davom etmoqda.
Barchasiga firibgarlik sabab
Deputatning aytishicha, tashabbusga turtki bo‘lgan asosiy omillardan biri xonanda Larisa Dolina kvartirasi atrofidagi sud ishi bo‘lgan. Ushbu holatda yangi firibgarlik sxemasi aniqlangan: ayrim sotuvchilar o‘zlarini aldov qurboni sifatida ko‘rsatib, uy-joyni saqlab qolish va xaridorga pulni qaytarmaslikka urinishgan.
Bu kabi holatlar ko‘chmas mulk bozorida huquqiy bo‘shliqlar mavjudligini ko‘rsatdi. Qonun mualliflariga ko‘ra, naqdsiz hisob-kitoblar bank nazoratini kuchaytiradi va shubhali operatsiyalarni barvaqt aniqlash imkonini beradi.
Bundan tashqari, hukumat doirasida ham naqd pul aylanmasini qisqartirish masalasi bir necha oydan beri muhokama qilinayotgani qayd etilmoqda.
Davlat siyosati fonida
2025 yil dekabrida Rossiya Moliya vazirligi ham yirik ko‘chmas mulk bitimlarini naqd pul orqali rasmiylashtirishni cheklashni taklif qilgan edi. Ushbu tashabbus iqtisodiyotni «oqartirish» siyosati doirasida ilgari surilgan.
Moliya vazirligi taklifiga ko‘ra, yuridik va jismoniy shaxslar o‘rtasidagi 5 mln rubldan yuqori bitimlar, shuningdek oylik aylanmasi 50 mln rubldan oshadigan operatsiyalar naqd pulsiz amalga oshirilishi kerak.
Hozircha Rossiya qonunchiligida naqd hisob-kitoblarga to‘liq cheklov yo‘q. Biroq hukumat tengsiz iqtisodiyot ulushini kamaytirish, noqonuniy daromadlarni cheklash va moliyaviy shaffoflikni oshirishni ustuvor vazifa sifatida belgilagan.





