
Rossiyada yana bir yirik NQIZ dron zarbasi tufayli ishini to‘xtatdi
19.08.2025 | 08:4041213
Sizran neftni qayta ishlash zavodiga dron hujumi oqibatida quvvatning 70 foizi ishlamay qoldi. Rossiyada to‘xtagan y irik NQIZlar soni to‘rttaga yetdi.

«Rosneft»ga qarashli Sizrandagi neftni qayta ishlash zavodi 15 avgust kuni dron hujumi natijasida ishini to‘xtatdi. Reuters xabar qilishicha, ushbu hujum natijasida neftni boshlang‘ich qayta ishlashga xizmat qiluvchi asosiy AVT-6 qurilmasi jabrlandi. U zavodning umumiy quvvatida 70 foiz ulushga ega bo‘lib, kuniga 17,1 ming tonna neftni qayta ishlaydi.
Manbalarning ta’kidlashicha, qurilmani ta’mirlash ishlari kamida avgust oyi oxirigacha davom etadi. Hozircha ishlab chiqarishni qisman tiklash maqsadida ikkinchi liniya — AVT-5 qurilmasi (kuniga 7,1 ming tonna) ishga tushirilishi mumkin.
Sizran neftni qayta ishlash zavodi yiliga 8,5 million tonna quvvatga ega. U shunday hujumlar tufayli ishini to‘xtatgan to‘rtinchi yirik zavodga aylandi. Avvalroq, 2 avgust kuni «Rosneft»ga qarashli Novokuybishevsk NQIZ ham ishini to‘xtatgandi. 11 avgust kuni Saratov zavodi ishlamay qolgan. Xabardorlarga ko‘ra, 15 avgustdan Volgograddagi «Lukoyl» zavodi ham neft qabul qilishni to‘xtatgan.
Shuningdek, «Rosneft»ning eng yirik zavodi va Moskva viloyatini ham yoqilg‘i bilan ta’minlaydigan majmua Ryazan NQIZ 2 avgustdan quvvatining yarmini to‘xtatgan. Bundan tashqari, Afip va Slavyansk neft zavodlari ham ukrain dronlari hujumlaridan jabr ko‘rgan.
The Moscow Times hisob-kitoblariga ko‘ra, faoliyati to‘liq to‘xtagan zavodlarning umumiy quvvati 38,3 mln tonnani tashkil etadi. Bu raqam 2024 yilda Rossiyadagi umumiy neft qayta ishlash hajmining taxminan 14 foiziga teng.





