
Rossiyada yangi 1000 rubllik banknota muomalaga chiqarildi
Avvalgi 1000 rubllik banknotaning orqa tarafida Qozondagi ibodatxona qubbasi xochsiz tasvirlangani rus ultramillatchilarining e’tiroziga sabab bo‘lgan edi.

Rossiya Markaziy banki rasman 1000 rubllik modernizatsiya qilingan banknotani muomalaga chiqarganini ma’lum qildi. Yangi kupyura Volgabo‘yi federal okrugi va uning madaniy merosini aks ettiradi.
Banknotning old tomonida Nijniy Novgorod kremlining Nikolskaya minorasi tasvirlangan. Bu inshoot shaharning asosiy ramzlaridan biri hisoblanadi va uning tarixiy ahamiyati alohida ta’kidlangan.


Orqa tomonida esa bir necha obyekt joy olgan: Saratov avtomobil ko‘prigi, «Meteor-120R» suv osti qanotli kemasi hamda Qozon shahridagi Dehqonchilik saroyi. Bu tasvirlar hududning transport, texnologiya va madaniy rivojini ifodalaydi.
Yangi banknota feruzarang gammasida ishlangan bo‘lib, zamonaviy dizayn va kuchaytirilgan himoya elementlariga ega. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, kupyurada qalbakilashtirishga qarshi yangi avlod muhofaza tizimi qo‘llangan.
Banknotada QR-kod ham mavjud. U orqali fuqarolar Markaziy bank saytida kupyuraning badiiy yechimi va haqiqiyligini tekshirish belgilari bilan tanishishi mumkin.

Avvalroq 1000 rubllik banknotaning ilgarigi dizayni jamoatchilik bahslariga sabab bo‘lgan edi. Unda Qozon Kremlidagi ibodatxona qubbasi tasvirida xoch yo‘qligi rus ultramillatchilarining qat’iy e’tirozlarga sabab bo‘lgan edi. Bu e’tirozlar fonida Markaziy bank ham chekinib, dizayn qayta ko‘rib chiqilishini, jamiyatni birlashtiradigan ramzlar ishlab chiqilishini aytgan.





