add

Rossiyada yuzlab kichik shaharlar yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida

01.12.2025 | 19:1812922 daqiqa

Rossiyada yoshlar oqimi kuchayishi, infratuzilmaning cheklangani va aholi qarishi tufayli yuzlab kichik shaharlar yaqin yillarda umuman yo‘qolib ketishi mumkinligi haqida tahlil e’lon qilindi.

Rossiyada yuzlab kichik shaharlar yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida

Rossiyada aholisi 50 ming nafardan kam bo‘lgan ko‘plab shaharlar demografik inqiroz ostonasiga kelib qolgani ma’lum qilindi. Butunrossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi (VSIOM)ning TASS tanishgan hisobotiga ko‘ra, yoshlar kichik shaharlarni tark etib, katta markazlardagi yaxshi maosh, ta’lim va rivojlanish imkoniyatlarini izlamoqda. Shu bilan birga, katta yoshli aholi soni tabiiy kamayib borayotgani kichik shaharlar uchun yanada og‘ir oqibatlarga olib kelmoqda.

Tadqiqotda aytilishicha, muammo faqat ish haqining pastligi bilan bog‘liq emas. Kichik shaharlarda infratuzilmaning kamligi, madaniy va iqtisodiy rivojlanish imkoniyatlarining yo‘qligi yoshlarni noumid qilmoqda. Masalan, 18–24 yoshdagilar orasida kelajakka optimizm darajasi atigi 33 foizni tashkil etadi, millioner shaharlarda esa bu ko‘rsatkich 53 foizga teng.

Rossiyada jami 1120 ta shahar mavjud bo‘lib, ularning 70 foizdan ortig‘ini kichik shaharlar tashkil qiladi. Rossiya Xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasi (RANXiGS) ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yilda bu shaharlarda aholi soni 314,5 ming nafarga qisqargan. Demograflar bahosiga ko‘ra, yaqin istiqbolda 129 ta kichik shahar umuman xaritadan yo‘qolib ketishi mumkin. Ayniqsa, shimoliy ko‘mir, metallurgiya va o‘rmon sanoati havzasiga kiruvchi shaharlar — Porxov, Zavoljye, Nolinsk va boshqalar yuqori xavf zonasida.

Ayrim mutaxassislar bu jarayonni endi to‘xtatib bo‘lmaydi, deb hisoblamoqda. «Gazprom invest» rahbariyatidan Ilya Kozlov hatto «hukumat o‘layotgan shaharlarni qutqarishni to‘xtatishi kerak», degan fikrni ilgari surgan. U boshqa yuqori mansabdorlar kabi, Rossiyada kichik shaharlarni rivojlantirish uchun «yetarli inson resursi yo‘q»ligini ta’kidlagan.

Shu bilan birga, hukumat 2017 yili yirik shaharlar atrofida 20 ta aglomeratsiya barpo etish rejasini e’lon qilgan edi. Bu model kichik shaharlarni yo‘q qilish emas, balki ularni iqtisodiy markazlar bilan bog‘lash orqali qo‘llab-quvvatlashni ko‘zlagan edi. Lekin hozirgi natijalar rejalar bajarilishida jiddiy uzilishlar borligini ko‘rsatmoqda.

Teglar

Mavzuga oid