add

Rossiyadagi kompaniyalarning yarmidan ko‘p iqtisodiy inqirozga hozirlik ko‘rmoqda

Rossiyadagi kompaniyalarning 57 foizi iqtisodiy pasayish kutilayotganini aytmoqda. Yana ko‘pchiligi yangi bozor topa olmayotgani va ishchi yetishmovchiligidan shikoyat qilmoqda.

Rossiyadagi kompaniyalarning yarmidan ko‘p iqtisodiy inqirozga hozirlik ko‘rmoqda
Rossiya iqtisodiyotidagi keskin sekinlashuv fonida kompaniyalarning 57 foiz yil oxirigacha pasayishni kutayotganini ma’lum qildi. Bu haqda «Opora Rossii» tashkiloti sentyabr boshida o‘tkazgan so‘rov natijalariga tayangan holda RBK xabar berdi. Faqat 28 foiz kompaniyalar iqtisodiy o‘sishga umid bildirgan. So‘rov natijalariga ko‘ra, kompaniyalarning 90 foizi o‘tgan yilda yangi sherik va yetkazib beruvchilarni izlashga majbur bo‘lgan. Korxonalarning yarmidan ko‘prog‘i (51 foizi) esa iqtisodiy optimallashtirish maqsadida xodimlarini qisqartirgan. Bunga qaramay, 73 foiz tashkilotlarda ishchi kuchi yetishmaydi. Bu yetishmovchilik, ayniqsa, Ukrainadagi urush boshlangandan so‘ng kuchaygan. Shuningdek, so‘rovda qatnashganlarning 67 foizi so‘nggi uch yilda yangi bozorlarga chiqa olmaganini tan olgan. Urush va sanksiyalar oqibatida yo‘qotilgan bozorlarni «do‘stona» mamlakatlar bilan qoplash 62 foiz kompaniyalar uchun muvaffaqiyatsiz kechgan. Faqat 12 foiz korxona yangi bozorlardan qoniqarli natija olgan. Tadqiqotda ishtirok etganlarning aksari qurbi kuchli rubl, moliyaviy resurslar yetishmasligi va davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan yordamning kamligidan shikoyat qilgan. Bundan tashqari, 64 foiz kompaniyalar davlat organlari nazoratining keskin oshganini qayd etgan. «Yakov i Partnyori» kompaniyasi so‘roviga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarmida biznes vaziyati yomonlashganini qayd etganlar ulushi 34 foizga yetdi. Bu — urush boshlanganidan beri eng yuqori ko‘rsatkich. Ayniqsa, tog‘-kon qazilma, kimyo, neft-gaz va transport sohalaridagi korxonalar holat yomonlashganini bildirgan.

Teglar

Mavzuga oid