
Rossiyaning ikkinchi yirik aeroporti Domodedovo kasod bo‘lish yoqasida turibdi
25.07.2025 | 09:2026705
Milliylashtirilganiga bir oy bo‘lmasdan, Domodedovo aeroporti 70 mlrd rubl qarzi va 10 mlrd rublga yaqin yillik yo‘qotish bilan bankrotlik xavfiga yuz tutdi. Hozircha faqat strategik investor umidi saqlanmoqda.

Rossiyaning eng yirik aeroportlaridan biri — «Domodedovo» — bankrotlik xavfiga duch kelgani ma’lum qilindi. Yangi rahbar Andrey Ivanov ma’lum qilishicha, aeroportning umumiy qarzi 70 mlrd rublni tashkil etadi. Shuning 34 mlrd rubli ichki valyutada, 450 mln dolllari esa xorijiy qarz hisoblanadi. Faqat foiz to‘lovlarining o‘zi 2025 yilda 8 mlrd rublni tashkil etadi.
Ivanov hozirda kreditorlar bilan qarzni restrukturizatsiya qilish masalasini muhokama qilayotganini, strategik investor jalb etilishiga katta umid borligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muammolar yo‘lovchilar oqimi keskin kamayganiga qaramay, xarajatlar qisqartirilmagan va ikkinchi terminal ochilgan.
2023 yilda aeroport 20 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 15,5 mlnga tushgan. Joriy yilda yana 2 mlngacha pasayish kutilmoqda. Hozirda aeroport o‘z imkoniyatlarining yarmiga ham yaqinlasha olmayapti.
Moliyaviy ko‘rsatkichlar ham izdan chiqmoqda: 2023 yildagi daromad 34 mlrd rubl bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilda 30 mlrd rubldan oshmasligi kutilyapti. Yo‘qotishlar 2023 yilda 7 mlrd, 2024 yilda 7,2 mlrd, joriy yilda esa 10 mlrd rublgacha yetishi mumkin. Shu bilan birga, korxonaning maoshlar va majburiyatlar bo‘yicha qarzlari 1,3 mlrd rublga yaqin.
1 iyulda aeroport Kaliningrad soliq idorasi tomonidan bankrot deb topish talabi bilan sudga berilgan. Byudjet qarzini maosh to‘loviga yo‘naltirish orqali sud da’vosi rad etildi. Bu holat Rossiya tarixida ilk bor sodir bo‘ldi, deya ta’kidladi Ivanov.
Moliyaviy muammolardan tashqari, aerodrom infratuzilmasi ham ta’mirlashni talab qilmoqda. Ikkinchi uchish-qo‘nish yo‘lagini barpo etish va suv tozalash inshootlarini qurish uchun kamida 16 mlrd rubl kerak bo‘ladi.
Domodedovo aeroporti 17 iyunda RF Bosh prokuraturasi da’vosi bilan davlat ixtiyoriga o‘tkazilgan. Sud «DME Holding»ning 100 ajbp ulushini musodara qilishga qaror qilgan. Ayblovga ko‘ra, strategik ob’ekt ustidan nazorat chet el fuqarolari — Dmitriy Kamenixik va Valeriy Kogan qo‘lida bo‘lgan, ular aktivlarni xorijga o‘tkazish va qonundan chetlab o‘tish bilan shug‘ullangan.





