add

Rossiyaning neftdan tushayotgan daromadlari iyul oyida 33 foizga kamaydi

06.08.2025 | 09:3023994

Jahonda neft narxlarining pasayayotgani Rossiya byudjetiga katta zarba bo‘ldi — o‘tgan oyda davlat byudjetining daromadlari keskin kamaygan.

Rossiyaning neftdan tushayotgan daromadlari iyul oyida 33 foizga kamaydi
2025 yil iyul oyida Rossiyaning neftdan tushayotgan daromadlari o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan qariyb uchdan birga kamaygan. Bu haqda Bloomberg agentligi xabar berdi. Asosiy sabab sifatida xalqaro bozorda neft xomashyosi narxlarining pasayishi ko‘rsatilmoqda. Xususan, neft sohasidan tushadigan soliq tushumlari 33 foizga kamayib, 710,4 mlrd rublni (8,9 mlrd dollar) tashkil etdi. Gaz va neft daromadlari jami 787,3 mlrd rublni tashkil qildi, bu esa o‘tgan yilning iyuliga nisbatan 27 foiz kam. Rossiya byudjeti daromadlarining uchdan bir qismi aynan neft va gaz savdosidan shakllanadi, shu bois ushbu ko‘rsatkichning pasayishi davlat moliyasiga jiddiy bosim yaratishi qayd etilmoqda. Hozirgi iqtisodiy muammolarning ortishiga g‘arb sanksiyalari va AQSH prezidenti Donald Trampning yangi tahdidlari ham sabab bo‘lmoqda. AQSH Rossiyadan neft xarid qilayotgan davlatlarga sanksiya joriy etish bilan tahdid qilmoqda, Yevropa Ittifoqi esa Rossiya nefti uchun narx chegarasini yanada pasaytirish niyatida. Shu bilan birga, Bloomberg hisob-kitobiga ko‘ra, iyul oyida neftdan tushgan daromadlar iyun oyiga nisbatan 71 foizga ko‘paygan. Bu faqatgina neft soliqlarining ayrim turlari har chorakda to‘lanishi bilan izohlanadi. Xususan, neft daromadlari Urals markasining iyun oyidagi o‘rtacha 59,84 dollarlik narxiga asosan hisoblangan. Shunga qaramay, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 14 foizga kam. Dollarga nisbatan rubl kursining mustahkamlanishi ham daromadlarning tushishiga ta’sir qildi. Iyun oyida 1 dollar 78,7 rubl atrofida savdo qilindi — bu oxirgi ikki yildagi eng yuqori kurs bo‘ldi. Bu esa neft eksportchilarining bir barrel uchun 4711 rubl (58 dollar) olishiga olib keldi. Holbuki, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 6127 rubl (76 dollar) edi.

Teglar

Mavzuga oid