add

Rossiyaning Xarkivdagi hujumlarida kamida to‘rt kishi halok bo‘ldi, 60 dan ortig‘i yaralandi

08.06.2025 | 08:3031833

7 iyun kuni Rossiya Xarkiv shahriga dronlar, raketalar va boshqariluvchi bombalar orqali kechasi va kunduz kuni hujum qildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hujum natijasida kamida to‘rt nafar fuqaro halok bo‘ldi, 60 dan ortiq kishi, jumladan, bir chaqaloq jarohat oldi.

Rossiyaning Xarkivdagi hujumlarida kamida to‘rt kishi halok bo‘ldi, 60 dan ortig‘i yaralandi
Ukrainaning Rossiya chegarasiga yaqin joylashgan eng yirik shaharlaridan biri sanalmish Xarkiv 3 yildan ortiq davom etayotgan urush mobaynida doimiy o‘qqa tutilmoqda. Shahar meri Igor Terexov bu hujumni «urush boshlanganidan beri Xarkivga qilingan eng kuchli zarba», deb atadi. Terexovning ma’lum qilishicha, shahardagi ko‘p qavatli va xususiy hovli-joylar, ta’lim muassasalari hamda infratuzilma ob’ektlari nishonga olingan. Reuters va mahalliy rasmiylar tarqatgan suratlarda yongan va vayron bo‘lgan binolar, mashinalar hamda qutqaruvchilarning jarohatlanganlarni evakuatsiya qilayotgani aks etgan. Xarkiv oblasti rahbari Oleg Sinehubovning aytishicha, shaharning fuqarolik sanoati ob’ektlaridan biriga 40 ta dron, 1 ta raketa va 4 ta bomba yog‘dirilgan. Hujum natijasida yong‘in chiqqan, vayrona ostida odamlar qolgan bo‘lishi mumkin. Kechki paytda Rossiya aviatsiyasi Xarkivni boshqariluvchi bombalar bilan yana bir bor nishonga oldi. Prezident Volodimir Zelenskiy buni «navbatdagi shafqatsiz qotillik» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir kecha-kunduzda shahar yoppa hujumga uchragan va bu hujumlarda o‘nlab insonlar yaralangan. Ukraina armiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, bir kecha mobaynida Rossiya butun Ukraina bo‘ylab 206 ta dron, 2 ta ballistik va 7 ta boshqa turdagi raketa uchirgan. Ukraina havo mudofaa kuchlari 87 ta dronni yo‘q qilgan, yana 80 tasi elektron kurash vositalari yordamida chetga burilgan yoki yolg‘on nishonlar bo‘lgan. Hujumda 10 ta joyga zarba berilgan.

Teglar

Mavzuga oid