Logo

Rus millatchilari 2050-yilgacha bo‘lgan urush va rivojlanishning uchta ssenariysini taqdim etdi

Bugun 09:002 daqiqa

Ularda Ukrainaning bosib olinishi, Rossiyaning mag‘lubiyati, Yevropa Ittifoqining parchalanishi va hatto yadro qurolidan foydalanish ehtimoli ham ko‘rib chiqilgan.

Rus millatchilari 2050-yilgacha bo‘lgan urush va rivojlanishning uchta ssenariysini taqdim etdi

Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida rossiyalik o‘ta millatchilar tomonidan Rossiya uchun 2036 va 2050-yillarga mo‘ljallangan rivojlanishning uchta ssenariysi taqdim etildi. Ushbu prognozlarda Ukrainaning yirik shaharlarini bosib olish, Yevropa Ittifoqining parchalanishidan tortib, Moskvaning mag‘lubiyati, Ukrainaning NATOga kirishi va yadro qurolini qo‘llashgacha bo‘lgan kelajak variantlari ko‘rib chiqilgan. Bu haqda Urushni o‘rganish instituti (ISW) xabar berdi.

Rossiyaning «Kommersant» gazetasi xabariga ko‘ra, taqdimot mualliflari Kreml bilan aloqador oligarx Konstantin Malofeyev va mafkurachi Aleksandr Dugin hisoblanadi.

Uzoq davom etadigan urush tarafdori bo‘lgan keskin yo‘nalish vakillaridan iborat ushbu mualliflar Rossiya uchun barcha ehtimoliy tahdidlarni beshta toifaga: geosiyosat, mafkura, demografiya, iqtisodiyot va texnologiyalarga ajratgan.

Shuningdek, Aleksandr Duginning ma’lum qilishicha, «Sargrad instituti» tahlil markazi ushbu hisobot bilan Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi akademiyasini allaqachon tanishtirgan va hujjat 2026-yil oxirigacha ommaga e’lon qilinadi.

Voqealar rivojining uch xil varianti

Forum ishtirokchilariga voqealar rivojining yaxshi, yomon va inersion variantlari taklif qilindi. Ssenariylar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

«Yaxshi» ssenariy: Rossiya tomonidan Kiyev, Odessa, Xarkiv va Ukrainaning boshqa shaharlari to‘liq bosib olinadi. Shuningdek, 2036-yilga borib Yevropa Ittifoqi barham topadi.

«Yomon» ssenariy: Rossiya urushda mag‘lubiyatga uchraydi, Ukraina NATOga integratsiyalashadi va 2036-yilgacha postsovet hududida Rossiya ta’siri to‘liq yo‘qoladi. 2050-yilga borib esa Rossiya mustamlakaga aylanadi.

«Inersion» (doimiy) ssenariy: Agar frontdagi vaziyat o‘zgarishsiz qolsa, Rossiya 2036 yilga kelib Ukrainaga qarshi yadro qurolini qo‘llashga majbur bo‘ladi.

Institut ekspertlarining ta’kidlashicha, bunday radikal rejalar Kremlning rasmiy pozitsiyasidan biroz farq qiladi, ammo hukumat ulardan o‘zining «mo‘tadilligini» namoyish qilish uchun foydalanishi mumkin.

Tahlilchilarning qayd etishicha, bunday prognozlarning e’lon qilinishi Rossiya hukumati uchun manfaatli bo‘lib, mamlakat rahbariyatining rasmiy bayonotlarini qabul qilish jarayonida jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilishga yordam beradi.

Kreml ushbu uchta ssenariyning reallikdan yiroq ekanidan foydalanib, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va boshqa amaldorlarning ritorikasini kichik bir o‘ta millatchilar guruhi tomonidan taqdim etilgan ekstremal ssenariylarga qaraganda mo‘tadil va oqilona qilib ko‘rsatishi mumkin.

Shu bilan birga, ekspertlarning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya rahbariyati baribir radikal guruhlarning talablari, o‘zining targ‘iboti va Ukrainadagi jang maydonida sodir bo‘layotgan real voqealar o‘rtasida muvozanatni saqlashga majbur bo‘ladi. Chunki Vladimir Putin radikal kayfiyatdagi qatlamning sodiqligini saqlab qolishga intilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid