Rus tadbirkorlari Putindan urushni tugatishni so‘ramoqda
Rossiya iqtisodiyoti sekinlashuv bosqichiga kirdi. Reuters suhbatlashgan tadbirkorlar fikricha, iqtisodiy o‘sishni tiklash va biznes faolligini jonlantirish uchun avvalo Ukrainadagi urushga barham berish kerak.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Peterburg xalqaro iqtisodiy forumini iqtisodiyotdagi murakkab vaziyat fonida tashkil etmoqda. Bu haqda «Reuters» agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, mamlakat iqtisodiyotida o‘sish sur’ati sezilarli darajada sekinlashgan.
Agentlik hisob-kitoblariga ko‘ra, qiymati taxminan 3 trillion dollarga teng Rossiya iqtisodiyotining o‘sishi o‘tgan yili 4,9 foizdan qariyb 1 foizgacha pasaygan. 2026 yilning birinchi choragida esa iqtisodiyot 0,2 foizga qisqargan.
Joriy yil uchun prognoz ham yuqori emas — iqtisodiy o‘sish 0,4 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Rasmiylar bu holatni yuqori foiz stavkalari, G‘arb sanksiyalari va rublning mustahkamlanishi bilan izohlagan.
Urush iqtisodiyotga bosim qilmoqda
«Reuters»ning yozishicha, Ukraina dronlarining Rossiya hududidagi neftni qayta ishlash zavodlari, portlar va sanoat obyektlariga qilgan hujumlari iqtisodiyotning ayrim tarmoqlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan.
Xususan, mamlakat neftni qayta ishlash quvvatlarining qariyb to‘rtdan bir qismi turli darajada zarar ko‘rgani qayd etilmoqda.
Bu vaziyatda Putin hukumatga iqtisodiy o‘sishni tiklash bo‘yicha yangi takliflar ishlab chiqish vazifasini qo‘ygan.
Biroq agentlik bilan suhbatlashgan ayrim tadbirkorlar fikricha, iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashning eng samarali yo‘li Ukrainadagi urushni tugatish bo‘lishi mumkin.
Tinchlikka umid saqlanmoqda
«Reuters» bilan anonim suhbatlashgan yirik kompaniya rahbarlaridan biri tinchlik muzokaralari haqidagi har qanday ijobiy xabar Rossiya fond bozorida darhol o‘sish kayfiyatini shakllantirayotganini ta’kidladi.
Biroq Kreml ma’lumotiga ko‘ra, AQSH vositachiligidagi tinchlik muzokaralari hozircha to‘xtab qolgan. Vashingtonning asosiy e’tibori Yaqin Sharqdagi vaziyatga qaratilgani aytilmoqda.
Shu bilan birga, AQSH investitsiyalari va sanksiyalarni yumshatish bo‘yicha ehtimoliy muzokaralar ham amalda muzlatib qo‘yilgan.
Yuqori lavozimli rossiyalik bankir anonimlik sharti bilan nashrga ma’lum qilishicha, Putin o‘tgan yili kelishuvga erishish uchun qulay imkoniyatni boy bergan va hozirda iqtisodiyot beqarorlik belgilarini namoyon etmoqda.
3–6-iyun kunlari o‘tadigan Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining asosiy mavzusi iqtisodiy o‘sish bo‘lishi kutilmoqda.



