
Sadir Japarov: «O‘zbekistonga borganda rus tilisiz muloqot qilish qiyin»
05.07.2025 | 21:0010863
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov rus tilining ahamiyati haqida fikr bildirib, uning rasmiy maqomini o‘zgartirishga oid takliflarni qoraladi. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, rus tili Qirg‘iziston uchun muhim va amalda zarur tillardan biri hisoblanadi.

«Rus tili bizga emas, biz rus tiliga muhtojmiz», — degan Japarov «Kabar» agentligiga bergan intervyusida. U Qirg‘iziston Konstitutsiyasida rus tili rasmiy maqomga ega ekanini eslatib o‘tdi.
Prezidentga ko‘ra, rus tili dunyodagi eng muhim olti til qatoriga kiradi. Uning ta’kidlashicha, nafaqat MDH davlatlarida, balki O‘zbekiston va Tojikistonda ham rus tilisiz muloqot qilish mushkul. Shuningdek, Yevropa, Amerika va Xitoyda ham rus tilidagi tarjimonlardan foydalanish holatlari uchraydi.
Sadir Japarov ayrim siyosatchilarning rus tili maqomini o‘zgartirish haqidagi takliflarini «noto‘g‘ri va nonko‘rlik» deb baholadi. Shu bilan birga, u ona tilni rivojlantirish zarurligini ham ta’kidlab, xalqning rus va ingliz tillarini ham bilishi kerakligini qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 2 iyul kuni Sadir Japarov Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi. Muzokara chog‘ida Putin Qirg‘izistonda rus tiliga berilgan maqom uchun minnatdorlik bildirib, bu ikki davlat o‘rtasidagi humanitar va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishini aytgan edi.





