
«Safia»dan «Cambridge» o‘quv markazigacha: O‘zbekistondagi Top-20 yosh tadbirkorlar
«Yuksalish» harakati Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti bilan hamkorlikda O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi 35 yoshgacha bo‘lgan muvaffaqiyatli yosh tadbirkorlar reytingi tuzdi.

«Yuksalish» harakati Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti bilan hamkorlikda O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi 35 yoshgacha bo‘lgan muvaffaqiyatli yosh tadbirkorlar reytingini tuzdi.
Bu mamlakatdagi yosh tadbirkorlani aniqlash, rag‘batlantirish va ularga ko‘mak berish bo‘yicha strategik qarorlar qabul qilishga va yosh tadbirkorlani jamiyatga tanitishga yordam beradi.
Reyting bir nechta bosqich asosida shakllantirilgan bo‘lib, birinchi bosqichda, mamlakatda 100 nafar 35 yoshgacha bo‘lgan yosh tadbirkorlar ro‘yxati shakllantirildi. Bunda ekspertlar va tadbirkorlar tavsiyasi hamda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi maqolalar, biznes reytinglari inobatga olingan.
Bundan tashqari, nomzodlarning media va ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi, shaxsiy obro‘si, erishayotgan yutuqlari, jamoatchilik fikri va ishbilarmonlik muhitiga ta’siri kabi jihatlar ham hisobga olindi.
Ikkinchi bosqichda «Yuksalish» harakati tomonidan ishlab chiqilgan mezonlar asosida 100 ballik tizimda ekspertlik baholash yo‘li bilan 20 kishidan iborat yakuniy ro‘yxat shakllantirildi.
Top-20 talik ro‘yxatga kirgan tadbikorlar orasida bir qancha mashhur va biznesda o‘z o‘rnini topgan insonlarni ko‘rish mumkin.

Reklama va brending bozorida sifat standartlarini oshirgan, qator nufuzli tanlovlarda g‘olib bo‘lgan «Sintez agency» asoschisi Alina Mirzayeva reytingda yetakchi bo‘ldi.
Keyingi o‘rinda «Somfi B2B» tizimi asoschisi Alisher Akbarov joylashdi. U o‘tgan yili Forbesʼning Sharqiy Osiyoda Under 30 ro‘yxatidan joy olgandi. Akbarov reytingdagi eng yosh tadbirkor ham bo‘ldi.
«United Ventures» venchur fondining sobiq rahbari va «Sug‘urta Bozor» asoschilaridan biri Azizbek Qurbonov reytingda uchinchi bo‘ldi. Yil boshida «United Ventures»ni 7 davlat banki birgalikda tashkil qilgandi.
Bundan tashqari, O‘zbekistondagi eng yirik o‘quv markazlaridan biri, Cambridge tarmog‘i asoschisi Jahongir Latipov, TBC Bank tomonidan nazorat paketi 12 mln dollarga sotib olingan «Billz» asoschisi Rustam Rahmatovni ham alohida ta’kidlash kerak.
Shuningdek, Bekzod Samig‘jonov («Safia»), Behzod Ashurov («Bon!») va Farrux Abdullayev («Bellissimo Pizza») kafe tarmog‘i asoschilari sifatida reytingdan o‘rin oldi.





