
Sagrada Familia dunyodagi eng baland cherkovga aylandi
Me’mor Antoni Gaudi tomonidan loyihalashtirilgan Barselonadagi mashhur Sagrada Familia bazilikasi dunyodagi eng baland cherkov unvonini qo‘lga kiritdi. Bu markaziy minora ustiga xochning birinchi qismi o‘rnatilgandan keyin ma’lum bo‘ldi.

1882 yildan beri Barselonaning markazida qurilayotgan mashhur Sagrada Familia bazilikasining balandligi 162,91 metrga yetib, 1890 yildan beri dunyodagi eng baland cherkov maqomini saqlab kelayotgan Germaniyadagi Ulm Minster ibodatxonasini ortda qoldirdi.
Buyuk me’mor Antoni Gaudi tomonidan loyihalashtirilgan diniy inshoot Barselona markazida bir asrdan ortiq vaqt davomida bunyod etilmoqda. Asosiy bino qurilishi kelasi yilda yakunlanishi rejalashtirilgan. Markaziy «Iso Masih minorasi»ga kelgusi oylar ichida xochning qolgan qismlari ham o‘rnatiladi va minora umumiy balandligi 172 metrga yetadi.
Tarixiy hujjatlarga ko‘ra, Sagrada Familia'ning ilk toshi 1882 yilda qo‘yilgan. Keyingi yili loyiha me’mor Gaudiga topshirilgan. Gaudi loyihani tubdan o‘zgartirib, ancha kattaroq konsepsiya yaratadi. Qurilish dastlab tavba qilgan ziyoratchilar ehsonlari hisobidan moliyalashtirilgan.

Me’mor kutilmaganda 1926 yilda vafot etganida, rejalashtirilgan 18 minoraning faqat bittasi barpo etilgan edi. Keyingi yillarda qurilish «Sagrada Familia» jamg‘armasi tomonidan davom ettirilgan va turli xayriya mablag‘lari, sayyohlar hamda shaxsiy donorlar tomonidan moliyalashtirilib kelgan.
150 yillik tarix davomida qurilish bir necha bor to‘xtab qolgan. Ispaniya fuqarolar urushi davrida anarxistlar binoni yoqib yuborgan va Gaudi qoldirgan loyihalar hamda gips modellari yonib ketgan. Yaqin yillarda esa Covid-19 pandemiyasi ortidan turizm pasaygani bois mablag‘ kamaygan va qurilish vaqtincha to‘xtagan edi.
Jamg‘arma bosh direktori Xaver Martines Associated Press'ga bergan intervyusida «Iso Masih minorasi 2026 yilda — Gaudi vafotining 100 yilligiga qadar» to‘liq bitishini ma’lum qilgan. Gaudi bazilika binosida dafn etilgan bo‘lib, uning xotirasiga bag‘ishlab turkum tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Binoning asosiy kirish qismiga olib boruvchi zinapoyalar, haykallar va bezak ishlari esa keyingi o‘n yil davomida davom ettiriladi.





