add

SAHAL G‘azo shahrining 40 foizini egallagani iddao qilmoqda

05.09.2025 | 09:0026633

Isroil armiyasi G‘azo shahri hududining 40 foizini nazoratga olganini ma’lum qildi. Yaqin orada to‘liq nazoratni ta’minlash operatsiyasi rejalashtirilmoqda.

SAHAL G‘azo shahrining 40 foizini egallagani iddao qilmoqda
Isroil Mudofaa armiyasi (SAHAL) G‘azo shahrining taxminan 40 foizi ustidan nazorat o‘rnatganini ma’lum qildi. Bu haqda 4 sentyabr kuni armiya rasmiysi Efi Defrin matbuot anjumanida bayonot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil kuchlari hozirda shahar hududining 40 foizini to‘liq egallab turgan. «Bu haftada biz zaxiradagi askarlarni ham jalb qilishni boshladik va bu harakatlarimizga sezilarli darajada kuch qo‘shadi», — dedi Efi Defrin. SAHAL vakili ta’kidlashicha, amaliyot doirasida Isroil armiyasi G‘azo shahrining Zaytun mahallasi hamda Shayx Redvon tumanining chet hududlarida manevr va jang harakatlarini olib bormoqda. Isroil hukumati shaharni to‘liq nazoratga olish maqsadida keng ko‘lamli operatsiya tayyorgarligini olib bormoqda. Bu reja haqida 8 avgust kuni Bosh vazir Binyamin Netanyahuning devoni rasman ma’lumot bergan. Eslatib, o‘tamiz 2023 yil 7 oktyabr kuni HAMAS guruhi Isroilga hujum qilganidan so‘ng, Isroil G‘azo sektorida harbiy harakatlar boshlangan edi. Ayni paytda Isroil armiyasi G‘azo sektori hududining 75 foizini nazorat qilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid