
Saida Mirziyoyeva Markaziy Osiyoda birinchi — u Zayed mukofoti hakamlaridan biri bo‘ldi
07.07.2025 | 21:0017893
Zayed insoniyat birodarligi mukofoti tashkilotchilari 2026 yilgi sovrindorni aniqlaydigan xalqaro hakamlar hay’atining yangi a’zolarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Markaziy Osiyodan ilk bor O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ham hay’atga a’zo sifatida kiritildi. Uning nomzodi Al-Azhar bosh imomi Ahmad al-Toyib tomonidan ilgari surilgan.

Mirziyoyeva mazkur tanlovda qatnashishini “jamiyatni yuksaltiruvchi va dolzarb muammolarni hal etuvchi insonparvar qahramonlarni tan olish imkoniyati” deb atadi. Uning ta’kidlashicha, butun dunyodagi e’tirof etilmagan shaxslar va tashkilotlar faoliyati alohida qadrlanishi lozim.
Zayed mukofoti insonparvarlik, hamjihatlik va birodarlik g‘oyalarini ilgari surishda katta xizmat qilgan shaxslar va nodavlat tashkilotlarni taqdirlashga qaratilgan. Tanlovda 60 dan ortiq davlatdan nomzodlar ishtirok etmoqda.
Bu mukofot har yili turli millat, irq, din va ijtimoiy qatlam vakillarining tinchlik va birdamlik yo‘lidagi sa’y-harakatlarini e’tirof etishga xizmat qiladi. Saida Mirziyoyevaning hay’atga qo‘shilishi O‘zbekiston uchun ham muhim siyosiy va nufuzli qadam sifatida baholanmoqda.
Mukofot nomi Birlashgan Arab Amirliklari asoschisi, marhum Shayx Zayed bin Sulton Al Nahayon sharafiga qo‘yilgan.
Hakamlar hay’atining olti nafar a’zosi quyidagilar:
- Saida Mirziyoyeva – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari
- Keterin Rassell – YUNICEF ijrochi direktori
Sharl Mishel – Yevropa Kengashining sobiq prezidenti, Belgiya sobiq bosh vaziri
- Moussa Faki Mahamat – Afrika Ittifoqi Komissiyasining sobiq raisi, Chad sobiq bosh vaziri
- Kardinal Xose Tolentino de Mendonsa – Muqaddas Taxtning Madaniyat va ta’lim bo‘yicha dikasteriyasi prefekti
- Sudya Muhammad Abdelsalom – Zoyid nomidagi Inson birodarligi mukofoti Bosh kotibi.





