add

Saida Mirziyoyeva Qoraqalpog‘istonda «Salomatlik marafoni» bilan tanishdi

07.10.2025 | 12:3028344

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nuqusda o‘tkazilayotgan «Salomatlik marafoni» jarayonlarini ko‘zdan kechirib, tibbiy ko‘riklar va yangi loyihalar bilan tanishdi.

Saida Mirziyoyeva Qoraqalpog‘istonda «Salomatlik marafoni» bilan tanishdi
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurib, «Salomatlik marafoni» tadbirlari qanday tashkil etilayotganini o‘rgandi. Bu aksiya aholi sog‘lig‘ini mustahkamlash, kasalliklar profilaktikasi va sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishga qaratilgan. Marafon doirasida Nuqus shahridagi 12 ta oilaviy poliklinika hamda 3 ta jamoat maskanlarida aholiga bepul tibbiy ko‘riklar o‘tkazilmoqda. Shu bilan birga, bemorlarni yo‘naltirish va xizmatlarni raqamlashtirish tizimi ham joriy etilyapti. Shifokorlar faoliyatida AI TOP-3 CDSS, MuxlisaMED AI va AI Mammo kabi sun’iy intellekt yechimlarining qo‘llanilishi tibbiy xizmatni tezkor va aniq bajarish imkonini bermoqda. Tashrif davomida Mirziyoyeva Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti bolalar jarrohligi bo‘limida murakkab operatsiyalar o‘tkazilgan kichik bemorlar bilan suhbatlashdi. Ularning jasorati va tabassumi hammaning qalbini junbushga keltirganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, marafonning maqsadi — insonlarni o‘z sog‘lig‘iga e’tiborni kundalik hayot tarziga aylantirishga undashdir. «Atigi to‘rt kunda 12 ming nafar fuqaro ko‘rikdan o‘tdi, shulardan 1 700 nafari chuqur tekshiruvdan o‘tkazildi, 116 nafar bemor davolanishga yo‘naltirildi», — dedi u. Tadbir doirasida ikki yangi loyiha ham ishga tushirildi. «Oilaviy salomatlik maktabi» dasturi raqamli oilaviy pasport tizimiga asoslangan bo‘lsa, «Salomatlik volontyorlari» yoshlar ko‘magida aholi tibbiy savodxonligini oshirishni ko‘zlaydi. Saida Mirziyoyeva «Tibbiyot novatorlari» jamoasiga minnatdorlik bildirib, «millat salomatligi — barchamizning umumiy mas’uliyatimiz» ekanini ta’kidladi.

Teglar

Mavzuga oid