Saida Mirziyoyeva teatrlardagi muammolarni o‘rgandi, «Real Sanjik» qamaldimi? Gulnora Karimova sudi to‘xtatildi — hafta dayjesti
O‘tayotgan hafta ichida O‘zbekistonda sodir bo‘lgan eng ahamiyatli va muhokamalarni keltirib chiqargan voqea-hodisalarni Vaqt.uz’da yana bir bor esga olamiz.
Saida Mirziyoyeva tamirtalab teatrlarni shaxsan ko‘zdan kechirdi. Prokuror «Real Sanjik»ga 5 yil qamoq jazosi so‘radi. Gulnora Karimova ustidan sud ishi to‘xtatildi. O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi 7 mln so‘mga yaqinlashdi. Andijonda attraksion quladi.
O‘rtacha ish haqi 7 mln so‘mga yaqinlashdi
O‘zbekistonda o‘rtacha oylik maosh 7 million so‘mga yaqinlashdi. Bir yil oldin bu ko‘rsatkich 6 millionni tashkil etgan edi. Ortda qolayotgan haftada Milliy statistika qo‘mitasi ko‘pchilikning diqqatini tortgan hisobotini e’lon qildi: 2026-yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, mamlakatda o‘rtacha oylik nominal ish haqi 6 mln 800 ming so‘mdan oshgan. Garchi maoshlar o‘tgan yilga nisbatan 17,4 foizga o‘sgan bo‘lsa-da, oddiy xalq orasida «bu raqamlar kimning cho‘ntagida?» degan savol hamon dolzarb bo‘lib qolmoqda.
Hududlar bo‘yicha tahlil ish haqlari o‘rtasida jiddiy farq borligini ko‘rsatadi. Eng yuqori maosh Toshkent shahrida qayd etilgan — 11 684,3 ming so‘m. Eng kam maosh esa Qashqadaryo viloyatida (4,6 mln so‘m) bo‘ldi. Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha eng yuqori ish haqi bank va moliya sohasida saqlanib qolmoqda — 18 595,8 ming so‘m. Shuningdek, axborot va aloqa sohasida ham yuqori maoshlar kuzatilmoqda — 16 525,4 ming so‘m. Bu sohada yillik o‘sish 18,2 foizni tashkil etgan. Eng past maoshlar an’anaviy ravishda ijtimoiy sohalar – sog‘liqni saqlash va ta’limda.
Mirziyoyeva uchta teatrni ko‘zdan kechirdi
Yodingizda bo‘lsa, 23-aprel kuni «Turkiston» saroyida Prezident administratsiyasi vakillari hamda Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ishtirokida san’atkorlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tgandi. Muloqotdan so‘ng OAVga intervyu bergan vazir Nazarbekov uchrashuvda san’atkorlar tomonidan tayinli gap aytilmaganini bildirgandi.
Buni qarangki, aynan o‘sha kuni tarmoqlarda yana bir video paydo bo‘ldi. «Uzdiplomat»da e’lon qilingan videoda aynan majlis bo‘lib o‘tgan «Turkiston» saroyi oldida turib o‘zlari ishlaydigan Yosh tomoshabinlar teatridagi sharoitlar yaxshi emasligini aytgan teatr aktrisalari aks etgan.
Aynan o‘sha kunlarda Teatr arboblari uyushmasi tomonidan aynan Yosh tomoshabinlar teatridagi zamonaviy sharoitlarni ko‘rsatuvchi video e’lon qilindi. Bu videoda teatrning yosh aktyorlari zallardagi texnologiya va sharoitlardan mamnun ekanini aytgan.
Ha, bu bir teatr haqidagi bir-birining aksini anglatuvchi ikki xil hikoya.
Bu hafta esa Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning shaxsan o‘zi Toshkent shahridagi bir qator madaniy obyektlar va teatrlarning joriy holati bilan yaqindan tanishdi. O‘rganishlar davomida poytaxtdagi teatrlarning ijodiy salohiyati yuqori bo‘lsa-da, ularning binolari va moddiy-texnik bazasi davlat ko‘magiga muhtojligi aniqlandi.
Xususan, Muqimiy va Yoshlar teatrlari hamda «Arena» yotoqxonasi binolari ta’mirtalab ekani, Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyida esa qo‘lyozmalarni raqamlashtirish zarurligi qayd etildi. Saida Mirziyoyeva sharoitlarni yaxshilash repertuar va sifatga ijobiy ta’sir qilishini ta’kidlab, muassasalarni tiklash va moliyalashtirish ishlarini shaxsiy nazoratiga oldi.
Shuningdek, Saida Mirziyoyeva shu haftada Xorazm viloyatining Xonqa tumanida qarovsiz tashlab qo‘yilgan bog‘chada bo‘ldi va kelgusida har bir muassasa o‘zining to‘laqonli sharoitiga ega bo‘lishini malum qildi.
«Real Sanjik» ishi: Prokuror blogerga 5 yil qamoq jazosi so‘radi
Ortda qolayotgan haftada jamoatchilik e’tiborida bo‘lgan avtobloger «Real Sanjik», ya’ni Sanjar Karimov ustidan davom etayotgan sud tergovining yangi tavsilotlari elon qilindi. 1-may kuni bo‘lib o‘tgan majlisda davlat ayblovchisi muzokara nutqini o‘qib, suddan blogerni 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilishni so‘radi.
Ma’lumki, Sanjar Karimov Jinoyat kodeksining bir nechta og‘ir moddalari, xususan, firibgarlik, zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish va giyohvand moddalar savdosida ayblanmoqda. Mazkur shov-shuvli ishning asosida toshkentlik oilaning uyini aldov yo‘li bilan rasmiylashtirib olish voqeasi yotibdi.
Bloger oldingi sud majlislaridan birida uyidan topilgan giyohvand moddalarni marhum otasiga tegishli bo‘lganini va ularni sotish niyati bo‘lmaganini iddao qilgan. Shuningdek, himoya tomoni tintuv jarayonida qator qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilganini, ruxsat olinmagan xonalar ham tekshirilganini ta’kidlamoqda.
Sanjar Karimov nizoli uyni jabrlanuvchi Olimboyevalar oilasiga qaytarib berish istagini bildirdi. Prokuror ham o‘z nutqida bu holat jazoni yengillashtiruvchi omil sifatida inobatga olinishini so‘ragan.
Shveysariya sudi Gulnora Karimova ustidan sud ishini to‘xtatdi
Bu hafta Shveysariya Federal jinoiy sudi Gulnora Karimovaga nisbatan qo‘zg‘atilgan pul yuvish bo‘yicha jinoyat ishini rasman to‘xtatdi. Sud mazkur qarorni protsessual to‘siqlar, xususan, ayblanuvchining sudda shaxsan ishtirok etish imkoniyati yo‘qligi bilan izohladi.
Ma’lum qilinishicha, Karimovaning O‘zbekistonda qamoq jazosini o‘tayotgani va unga Shveysariyaga kelish uchun ruxsat berilmagani ishni ko‘rib chiqishni imkonsiz qilib qo‘ygan. Uning advokati Greguar Manjaning ta’kidlashicha, Shveysariya qonunchiligiga ko‘ra, ishni bunday asos bilan tugatish amalda oqlovga teng hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Gulnora Karimova 2000-yillarda telekommunikatsiya kompaniyalaridan pora olish va yuzlab million dollarni xorijiy hisob raqamlariga noqonuniy o‘tkazishda ayblanayotgan edi. Hozirda uning muzlatilgan aktivlarini O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha kelishuvlar o‘z kuchida qolmoqda, Karimovaning o‘zi esa 2028-yilgacha Toshkentda jazo o‘tashi belgilangan. Da’vo muddatining tugashi va mazkur sud qarori kelgusida vaziyatni qanday o‘zgartirishi kuzatilmoqda.
Farg‘ona vodiysida yangi elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi
Toshkent — Xiva — Toshkent yo‘nalishida «Jaloliddin Manguberdi» nomli yangi yuqori tezlikdagi elektropoyezd 3-maydan qatnovni boshlaydi.
Yangi poyezd ishga tushirilishi natijasida ikki shahar o‘rtasidagi safar vaqti avvalgi 13 soatdan 7 soat 31 daqiqagacha qisqaradi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bir tomonlama chipta narxi 780 ming so‘m etib belgilangan.
Tarkib yettita vagondan iborat bo‘lib, taxminan 390 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan. Poyezd soatiga 260 km tezlikda harakatlanadi va VIP, biznes hamda ekonom sinflarda xizmat ko‘rsatadi.
Attraksion quladi
Yakunlanayotgan haftada Andijon shahridagi «Bog‘ishamol» dam olish majmuasida mudhish holat yuz berdi: 26-aprel kuni bog‘dagi attraksionlardan birining zanjiri uzilib ketishi natijasida ichida odamlar bo‘lgan qurilma yerga quladi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videokadrlarda attraksion qismlari sochilib ketgani va atrofdagilar orasida katta vahima yuzaga kelgani aks etgan.
Hodisa oqibatida jarohatlanganlar soni bo‘yicha ma’lumotlar turlicha bo‘lib, guvohlar kamida 7 kishi jarohatlanganini iddao qilgan bo‘lsa, Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rasman 2 nafar fuqaro yengil tan jarohati olganini ma’lum qildi.
E’tiborli jihati, bundan ikki yil avval aynan shu bog‘da attraksion trubalarining skotch bilan mahkamlangani aks etgan video tarqalib, xavfsizlik masalasi keskin tanqid qilingan edi. Hozirda mutasaddilar attraksionning qulash sabablarini o‘rganmoqda, voqea esa istirohat bog‘laridagi xavfsizlik holatini yana kun tartibiga chiqardi.
Energetika vaziri va Otabek Bakirov nizosi
Ortda qolayotgan haftada iqtisodchi Otabek Bakirov va Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov o‘rtasidagi huquqiy ziddiyat qayta jonlandi. Bakirovning Energetika vazirligi tomonidan yaratilgan, avtomobillarga benzin va metan quyish shoxobchalarining ochiq-yopiqligi to‘g‘risidagi ma’lumot beruvchi «Avto24» ilovasini tanqid qilib, 2024-yilda yozgan postlari ustidan vazir Mirzamahmudov IIBBga ariza berib kelgan. IIBB jinoyat yoki huquqbuzarlik alomatlari yo‘q deb, Mirzamahmudovning qayta-qayta murojaatlari asosida ish ochishni har safar rad qilib kelgan.
Biroq eng so‘nggi arizaga ko‘ra, prokuratura qarori bilan ish yana tiklangan. Bunga ekspertlar nihoyat «obro‘sizlantirish alomatlari bor» qabilida xulosa bergani sabab bo‘lgan.
1-may kuni (........)
Eslatib o‘tamiz, bu vazirning bloger ustidan qilgan ikkinchi shikoyati bo‘lib, avvalgi holat yuzasidan ekspertlar «haqorat alomatlari yo‘q» deb xulosa bergan edi. Ushbu «vazir va iqtisodchi» duelining huquqiy yakuni jamoatchilik diqqat markazida qolmoqda.
O‘zbekiston yarim yildan beri oltin sotmayapti
Ortda qolayotgan haftada mamlakat tashqi savdo aylanmasiga oid muhim statistik ma’lumotlar ochiqlandi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston ketma-ket oltinchi oydirki, oltin eksportini amalga oshirmayapti. Oltin sotuvining to‘xtatilgani sababli mamlakatning umumiy eksport hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 30 foizga pasayib, 5,8 mlrd dollarni tashkil etdi.
Markaziy bank mazkur vaziyatni oltin zaxiralarini yuqori darajada saqlab turish strategiyasi bilan izohladi. E’tiborli jihati, mart oyida oltin narxi bir unsiya uchun 4 400 dollargacha arzonlashgan bo‘lsa-da, avvalgi oylardagi tarixiy rekord narxlarda ham sotuvlar amalga oshirilmagan.
Shu bilan birga, tashqi savdoda Xitoy yetakchiligini mustahkamlamoqda — jami savdoning to‘rtdan biri aynan shu davlat hissasiga to‘g‘ri keladi (4,6 mlrd dollar). Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Rossiya va Qozog‘iston egallab turibdi. Garchi eksport kamaygan bo‘lsa-da, import hajmi 30 foizdan ziyodga o‘sib, 12,2 mlrd dollarga yetgani tashqi savdo balansidagi tafovutni oshirgan.
Teglar






