
Saidazim G‘ulomov yana UzAuto Motors Powertrain bosh direktori etib tasdiqlandi
11.07.2025 | 08:308483
2023 yil dekabridan buyon korxonaga vaqtinchalik rahbarlik qilib kelayotgan Saidazim G‘ulomov rasman UzAuto Motors Powertrain bosh direktori lavozimiga tasdiqlandi.

Bu haqda ma’lumot yagona korporativ axborot portalida e’lon qilindi.
G‘ulomov 2023 yil dekabrida bosh direktor vazifasini vaqtincha bajaruvchi sifatida tayinlangan edi va o‘shandan beri barcha rahbarlik vakolatlarini amalga oshirib kelgan. Uning nomzodi endi rasmiy tartibda tasdiqlanib, kompaniyadagi boshqaruv mutlaq o‘z qo‘liga o‘tdi.
Saidazim Mirkamolovich G‘ulomov kompaniyani ilgari ham boshqargan. U bir necha yillar davomida (2016-2021) UzAuto Motors Powertrain’ga rahbarlik qilgan va bu borada katta tajribaga ega. Keyinchalik uning o‘rnini shved mutaxassisi Bu Andersson egallagan edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy 2025 yil boshida Bu Andersson UzAuto Motors hamda UzAuto Motors Powertrain boshqaruvidagi barcha lavozimlardan ketgani haqida rasman xabar qilingan edi. Uning ketishi ortidan kompaniyada rahbariyatdagi boshqa o‘zgarishlar ham yuz berdi.
UzAuto Motors Powertrain — O‘zbekistonning avtomobil sanoatida muhim o‘rin tutadigan korxona bo‘lib, uning boshqaruviga tajribali mutaxassis tayinlangani kompaniya faoliyatida barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.





