
Salqin kunlar oldidan FVV ogohlantirish bilan chiqdi
02.09.2025 | 19:459943
Vazirligi kuz-qish mavsumida aholini is gazidan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi kuz-qish mavsumi boshlangani munosabati bilan respublika aholisiga murojaat bilan chiqdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, vazirligi is gazidan zaharlanish, gaz-havo aralashmasining chaqnashi va yong‘inlarning oldini olish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishga chaqirmoqda.
Mavsum davomida favqulodda vaziyatlarning oldini olish lozimligi munosabati bilan aholidan quyidagilarga rioya qilish so‘raladi:
- isitish pechlari va ularning dudburonlari sozligiga, turli buyum va to‘siqlar bilan berkitilmasligi hamda yoriqlar bo‘lmasligiga alohida e’tibor bering;
- gaz uskunalarini ulash tartib qoidalariga rioya qiling va ularga rezina shlanglar orqali ulanishga yo‘l qo‘ymang;
- maxsus tashkilotlar tomonidan dudburonlarning o‘z vaqtida tozalanishiga e’tibor qarating.
Ma’lumot uchun, 2024 yilning 26 noyabriga qadar respublika bo‘yicha gaz bilan bog‘liq jami 74 ta (2023 yilda 86 ta) baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan edi. oqibatda 82 nafar (2023 yilda 88 nafar) fuqaro gaz bilan bog‘liq hodisalarda vafot etgan. Yana 80 kishi (119 nafar) turli darajadagi tan jarohatlarini olgan. Vafot etganlarning 75 nafari is gazidan zaharlangan.





