add

Samarqand 3000 yillik shahar deb qayta baholandi

26.07.2025 | 17:0048893

Samarqand shahrining tarixi yangi dalillar asosida qayta baholandi — arxeologik tadqiqotlar shahar ilk bor miloddan avvalgi I ming yillik boshlarida shakllanganini ko‘rsatmoqda. Bu haqda Samarqand viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida rasmiy qaror qabul qilindi.

Samarqand 3000 yillik shahar deb qayta baholandi
Samarqand viloyati Kengashining 25 iyul kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi sessiyasida shaharning tarixi va ilk urbanizatsiyasiga oid yangilangan tadqiqotlar taqdimoti o‘tkazildi. Unga ko‘ra, Samarqand shahrining yoshi 3000 yil deb baholandi. Bu qaror viloyat hokimi tashabbusi bilan tashkil etilgan jamoatchilik kengashi tadqiqotlari asosida qabul qilindi. Arxeologik tadqiqotlar Ko‘ktepa, Afrosiyob va Amir Temur arki joylashgan hududlarda olib borildi. Ular davomida miloddan avvalgi VII–VI asrlarga oid shahar me’morchilik elementlari, mudofaa devorlari va madaniy qatlamlar aniqlandi. Fransiya, Germaniya va Yaponiya laboratoriyalariga yuborilgan namuna tahlillari hali ham davom etmoqda. O‘zbekiston–Fransiya qo‘shma ekspeditsiyasi va Samarqand arxeologiya instituti mutaxassislari ilgari surgan fikrga ko‘ra, Samarqand shahri Ko‘ktepa hududida yuzaga kelgan. Ayniqsa, “Avesto” manbasida tilga olingan “Sug‘ud” ma’muriy markazi aynan shu yer bo‘lgan, deb baholanmoqda. Qazishmalar davomida olingan ilmiy ma’lumotlar va topilmalar tegishli ilmiy idoralar va Madaniy meros agentligiga yuborildi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi ham tadqiqot xulosalarini ma’qulladi. Kengash sessiyasida Samarqandning ilk urbanizatsiyasi miloddan avvalgi II ming yillik oxiri va I ming yillik boshlariga to‘g‘ri kelishi ta’kidlandi. Arxeologik materiallar va hujjatlarni respublika darajasidagi vazirlik va idoralarga taqdim etish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Teglar

Mavzuga oid

Samarqand 3000 yillik shahar deb qayta baholandi | Vaqt.uz