
«Samarqand qog‘ozi» rasman geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi
06.07.2025 | 11:0047703
Ming yillik tarixga ega «Samarqand qog‘ozi» endi rasman geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatiga kiritildi. Bu mahsulot o‘zining noyob ishlab chiqarish usuli va tarixiy ahamiyati bilan alohida qiymatga ega.

Samarqand viloyat adliya boshqarmasi va «Intellektual mulk markazi» davlat muassasasi ko‘magida «Samarqand qog‘ozi» O‘zbekiston Adliya vazirligi tomonidan geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu qaror ushbu mahalliy mahsulotni himoya qilish va uning brendini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, «Samarqand qog‘ozi»ni tayyorlash jarayoni noyob va ko‘p bosqichli. Bu jarayonda avval balxtut novdalari suvda ma’lum muddat ivitiladi. Keyin ularning po‘sti ehtiyotkorlik bilan tozalanadi va qo‘pol qismlari ajratib olinadi. Tozalangan postloqlar 5-6 soat davomida qazonda qaynatiladi, shundan so‘ng ular maxsus o‘g‘irlarda 7-8 soat mayin tolaga aylanguncha maydalanadi.
Tayyor bo‘lgan mayin tolalar katta idishlarda Samarqanddagi Siyob suvi bilan aralashtiriladi va suzgich yordamida shakllantiriladi. Olingan qog‘ozlar 8-10 soat davomida tayoqchalar ostida bosiladi va keyin silliq joylarga yopishtiriladi. Eng oxirda har bir qog‘oz parchasi marmar tosh ustida chig‘anoq yoki aqiyq toshi bilan silliqlanadi.
«Samarqand qog‘ozi» nafaqat mahalliy miniatyurachi rassom va xattotlar, balki Yaponiyadagi qadimiy yozma manbalarni va noyob asarlarni qayta tiklashda ham keng qo‘llaniladi. Bu esa uning xalqaro ahamiyati yuqori ekanini ko‘rsatadi.





