
Samarqand shahrida issiqlik tizimi yangilanmoqda va bu aholining noroziliklariga sabab bo‘lmoqda
22.05.2025 | 15:1538853
Samarqand shahrida Jahon banki mablag‘lari hisobidan markazlashgan issiqlik tizimi yangilanmoqda. 11 mingdan ziyod xonadonni qamrab oladigan ushbu loyiha aholiga vaqtincha noqulayliklar tug‘dirmoqda, ammo mutasaddilar ishlarni qishgacha yakunlashni va’da qilmoqda.

AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida «Issiqlikta’minoti» AJ rahbarlari Prezident qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan ma’lumot berdi. Jumladan, 2025–2029 yillarda respublika bo‘ylab 103 ta qozonxona va 1632 km issiqlik tarmoqlari yangilanishi belgilangan. Bu ishlarga 2025 yilning o‘zida 500 mlrd so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Loyiha doirasida beshta hudud — Andijon, Samarqand, Shahrisabz shaharlari hamda Bo‘stonliq va Nurobod tumanlarida yangi issiqlik tizimlari barpo etiladi. Natijada, 2634 ta ko‘p qavatli uy va 480 ta ijtimoiy ob’ekt qamrab olinadi. Umumiy hisobda 121 mingdan ziyod xonadonda issiqlik ta’minoti yaxshilanadi.
«Samarqand shahridagi qozonxona Jahon banki ajratgan mablag‘lar hisobidan yopiq tizimga o‘tkazilib, rekonstruksiya qilinmoqda. Sifatli issiqlik tizimi bilan ta’minlash maqsadida zamonaviy, issiqlik yo‘qotilishidan butkul himoyalangan quvurlar yotqizilmoqda, bu aholiga biroz noqulaylik tug‘dirishi mumkin, «uyimni remonti buziladi», degan gap-so‘zlar ham bo‘ldi.
Loyihaning muddati shu yil qish mavsumi etib belgilangan, qishgacha bu noqulayliklar to‘liq bartaraf etiladi va 380 dan ortiq ko‘p qavatli uylar ya’ni 11 mingdan ortiq xonadon markazlashgan issiqlik va issiq suv bilan ta’minlanadi.
Xalq orasida yurgan «issiqlik ta’minoti o‘tkazilgach, tabiiy gaz batamom uziladi», degan gaplar mutlaqo asossiz», deydi «Issiqlikta’minoti» AJ boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Sherzod Sultonov.





