
Samarqand tumani tugatiladi
Samarqand tumani alohida ma’muriy birlik sifatida tugatilib, uning hududlari, shuningdek, Oqdaryo, Pastdarg‘om va Toyloq tumanlarining bir qismi Samarqand shahri tarkibiga o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Samarqand tumani alohida ma’muriy birlik sifatida tugatilib, uning hududlari, shuningdek, Oqdaryo, Pastdarg‘om va Toyloq tumanlarining bir qismi Samarqand shahri tarkibiga o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda tegishli qaror Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, Samarqand tumani alohida ma’muriy-hududiy birlik sifatida tugatilishidan maqsad Samarqandni «Millionli shahar»ga aylantirish, zamonaviy arxitektura yechimlariga ega turar-joy va noturar binolarni qurish, aholining uy-joylarga bo‘lgan talabini to‘la qondirish, hududlarni infratuzilma bilan ta’minlash orqali aholiga munosib yashash sharoitini yaratish hisoblanadi.
«Chegaralar o‘zgartirilishi hisobiga Samarqand shahri hududi 11,8 ming gektardan 28,9 ming gektargacha kengayib, yangi investitsiya va qurilish loyihalari uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani e’tiborga molik. Ya’ni yangi turistik loyihalar, o‘yin maydonlari, akvapark, havo sharlari, istirohat bog‘lari kabi ko‘ngilochar turizm va dam olish maskanlari tashkil etiladi, yangi yashil hududlar va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari va logistika markazlari quriladi», - dedi fraksiyasi a’zosi Diyor Husanov.
Yig‘ilish yakunida qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Ma’lumot uchun, umumiy yer maydoni 28 415 gektar bo‘lgan Samarqand shahri tarkibida umumiy yer maydoni 8 250 gektar bo‘lgan Qorasuv tumani, umumiy yer maydoni 3 741 gektar bo‘lgan So‘g‘diyona tumani, umumiy yer maydoni 4 846 gektar bo‘lgan Siyob tumani, umumiy yer maydoni 3 246 gektar bo‘lgan Bog‘ishamol tumani, umumiy yer maydoni 8 333 gektar bo‘lgan Maroqand tumani tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.





