
Samarqandda 12 million dollarlik «transport darvozasi» ochildi
04.08.2025 | 21:3025622
Samarqandda 100 ta avtobus, 150 ta mikroavtobus va 300 ta yengil mashinaga mo‘ljallangan zamonaviy avtovokzal faoliyat boshladi.

Yangi avtovokzal Samarqand shahrining Cho‘pon-ota hududida qurilgan bo‘lib, umumiy qiymati 12 million AQSH dollarini tashkil etadi. U bir vaqtning o‘zida yuzlab transport vositalarini qabul qila oladi. Hozirda mazkur majmua orqali Toshkent va Jizzax yo‘nalishlarida avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, Toshkentdan Buxoro, Navoiy, Xorazm, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlariga harakatlanayotgan avtobuslar ham aynan shu markaz orqali xizmat ko‘rsatishni boshladi.
«Yangi avtovokzal ochilishi Samarqandning logistika va transport salohiyatini oshirish, aholi uchun qulay va samarali harakatlanish imkoniyatlarini yaratish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi», deyiladi Transport vazirligi xabarida.
Yangi avtovokzalning ishga tushirilishi natijasida 300 nafar aholi uchun doimiy ish o‘rni yaratilgan.





