add

Samarqandda chinorlar kesildi, rasmiylarda asos, odamlarda qo‘rquv bor. Xavotir nimadan?

08.09.2025 | 11:3028785

Bundan 16 yil avval ya’ni 2009 yilning 12 noyabridan 20 noyabriga qadar Toshkentning Amir Temur xiyobonida daraxtlar ayovsiz kesish tashlangan edi. Soya-salqin, shabadali hudud «cho‘lga aylantirilgandi».

Samarqandda chinorlar kesildi, rasmiylarda asos, odamlarda qo‘rquv bor. Xavotir nimadan?
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahrida Amir Temur maqbarasi yaqinida joylashgan uchta chinor daraxti kesilgani aks etgan videolar tarqaldi. ayrim tarmoq foydalanuvchilari «Samarqandning ko‘rki bo‘lgan Bulvarni ham yo‘q qilish boshlanibdi», deya xavotirli postlar tarqata boshlashgan. Jumladan ayrim tarmoq foydalanuvchilari sobiq «Inturist» hoteli o‘rnida qurilgan yangi mehmonxona fasadini ochish uchun ko‘pyillik chinorlar ataylab, qasddan, bir bahona bilan kesib tashlanayotganini ta’kidlashgan. Xo‘sh, ularning xavotirlari qay darajada o‘rinli? Viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda iqlim o‘zgarishi boshqarmasi holat yuzasidan rasmiy izoh berdi. Qayd etilishicha, kesilgan ushbu chinorlar ko‘p yillar davomida tashqi ta’sirlar sabab mustahkamlik xususiyatini yo‘qotgan, tanasida g‘ovaklar paydo bo‘lgan va yo‘l tomon 40 darajaga og‘ib qolgan. Ularning aholi va turistlar uchun xavfli ahvolda qolishi ehtimoliy fojiali holatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Boshqarmaga ko‘ra, chinorlarni kesish uchun belgilangan tartibda litsenziya ham olingan. 22 avgust kuni chiqarilgan ruxsatnoma asosida Samarqand shahar hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasi arizasi va Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xatiga tayanilgan holda ushbu qaror qabul qilingan. Qarorda keltirilishicha, kesilgan har bir chinor o‘rniga qimmatli turdan bo‘lgan 10 ta daraxt ko‘chati ekilishi va ikki yil davomida parvarish qilinishi shart. Mazkur ishlarni amalga oshirish mas’uliyati Samarqand shahar hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasi zimmasiga yuklatilgan. Ekologiya boshqarmasi yaqin kunlarda yangi chinor ko‘chatlari ekilishi va Amir Temur maqbarasi atrofida yashil hudud tiklanishini va’da qildi. Bundan 16 yil avval ya’ni 2009 yilning 12 noyabridan 20 noyabriga qadar Toshkentning Amir Temur xiyobonida daraxtlar ayovsiz kesish tashlangan edi. O‘sha yili Amir Temur xiyoboni yonginasida navbatdagi Kurant soati binosi, «O‘zbekiston» anjumanlar saroyi qurildi. Ikki salobatli binoni xiyobondagi daraxtlar to‘sib turibdi degan vaj bilan daraxtlar qirg‘ini avj oldi. Soya-salqin, shabadali hudud «cho‘lga aylantirildi». Bugun ekologiya kundan-kunga yomonlashayotgan bir vaqtda odamlar har bir daraxt kesilishiga befarq qarab tura olmayapti, ular kesilayotgan, ekib qarovsiz qolib ketayotgan va quruvchilar tomonidan ataylab quritilib keyin yo‘q qilinayotgan daraxtlar taqdiridan xavotirda.

Teglar

Mavzuga oid