
Samarqandda chiqindi tashish uchun elektr motorollerlar ishga tushirildi
25.08.2025 | 11:1533082
O‘zbekistonda chiqindilarni tashish jarayonida elektr motorollerlardan foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Yangi tizim dastlab Samarqand shahrida tajriba tariqasida sinovdan o‘tkazilmoqda.

Ekologiya vazirligi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan 21–22 avgust kunlari Samarqandda matbuot turi tashkil etildi. Unda 20 dan ortiq OAV vakillari yangi texnikalarning imkoniyatlari bilan tanishdi.
Motorollerlar to‘sikli va tor ko‘chalarda chiqindilarni samarali tashish imkonini beradi. Mas’ullarning aytishicha, ular sanitar tozalash xizmati xodimlari uchun qulay va iqtisodiy jihatdan tejamkor hisoblanadi. Shuningdek, aholi uchun ham xizmat sifatini oshirishi kutilmoqda.
Ikki kishilik salonga ega elektr motorollerlar yoz va qish sharoitida ishlashga moslashtirilgan bo‘lib, isitish va sovitish tizimlari bilan jihozlangan. Bir tonna chiqindilarni 60–80 km masofaga tashish imkoniyati mavjud. Ularda 150 amperli 72 voltli quvvatlagich o‘rnatilgan.
An’anaviy benzinli motoroller 6 litr yoqilg‘i sarflab 100 km masofada 1 tonnagacha chiqindilarni tashiy oladi. Elektrli variant esa atrof-muhit uchun xavfsiz bo‘lib, uglerod chiqindilarini keskin kamaytiradi. Bundan tashqari, barcha texnikalarga bir yillik kafolat beriladi.





