add

Samarqandda Registon maydoni oldidagi yerosti o‘tish yo‘li qayta ochilishi mumkin

04.09.2025 | 20:0025414

Asosiy sabab sifatida piyodalar oqimining ortishi, o‘quvchilar xavfsizligi va sayyohlar harakatini yengillashtirish ko‘rsatildi.

Samarqandda Registon maydoni oldidagi yerosti o‘tish yo‘li qayta ochilishi mumkin
Samarqandda tarixiy Registon maydoni atrofida piyodalar harakatini tartibga solish maqsadida yerosti o‘tish yo‘lini qayta ochish taklifi ilgari surildi. Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev piyodalar oqimi ko‘payganini ta’kidlab, bu yo‘nalishda xavfsizlik choralarini kuchaytirish zarurligini bildirgan. Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, avval 18 yil oldin yopilgan yerosti yo‘li qayta ochilishi rejalashtirilmoqda. Bu, asosan, maktab o‘quvchilari va sayyohlar harakatini yengillashtirish bilan izohlanmoqda. Ayniqsa, «Registon» va «Kulollar» mahallalarida istiqomat qiluvchi o‘quvchilar ko‘pincha ko‘chaning qarama-qarshi tomonidagi maktabga qatnashi qiyinchilik tug‘dirmoqda. Adiz Boboyev qurilish ishlari vaqtida xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishni, yer qazish jarayonlari haydovchilarga xalal bermasligi uchun ularni tungi soatlarda olib borish zarurligini qayd etdi. Hokimlikning ta’kidlashicha, qurilish ishlari qisqa muddatda yakunlanishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, Registon maydoni oldidagi hozirgi svetoforli yerusti o‘tish joyini ham yerosti yo‘li bilan almashtirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Biroq bu loyiha hali rasman tasdiqlanmagan va respublika darajasida ma’qullanishi talab etiladi. Shu bois, uning amalga oshishi hozircha noaniq. Hokimlik xabarida qayd etilishicha, piyodalarga qulaylik yaratish maqsadida Siyob bozori yaqinidagi Rudakiy va Shohi-Zinda ko‘chalari kesishmasida yangi svetoforli o‘tish joyi tashkil etiladi. Shuningdek, yo‘l yoqasida avtobus bekatlari barpo etilib, taksilarning yo‘l qatnov qismida to‘planishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi. Eslatib o‘tamiz, avvalroq Adiz Boboyevning tuman rahbarlariga dam olish kunlari ishlamaslik va xodimlarni ishga chaqirmasligini qat’iy tayinlagani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid