
Samarqandda sessiya: viloyatga hokim tasdiqlandi va Samarqand shahri hududi kengayishi e’lon qilindi
Samarqand shahriga Oqdaryo, Past Darg‘om, Payariq, Toyloq va Samarqand tumanlaridan 17,5 ming gektar hudud qo‘shildi. Adiz Boboyev nomzodi esa viloyat hokimligiga tasdiqlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida qatnashdi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.
Sessiyada Samarqand shahri hududini kengaytirish masalasi muhokama etildi.
Aholi soni va daromadi ortib borayotgani sabab, shaharda zamonaviy uy-joylarga bo‘lgan talabni qondirish uchun 3 ta yirik massiv — «Shirin», «Temiryo‘l orti» va «Qorasuv-2» tanlab olingan. Bu yerlarda jami 310 ming kishi uchun 700 dan ortiq ko‘p qavatli uylar quriladi.
«Shirin» massivi 180 ming kishi uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bu yerga 49 ta viloyat tashkiloti ko‘chiriladi. Shu yil oxiriga qadar ushbu massivni shahar markazi bilan bog‘laydigan 577 metrli ko‘prik ham foydalanishga topshiriladi.
Har uch massivda maktab, bog‘cha, oliygoh, shifoxona, biznes va savdo markazlari, mehmonxona, restoran va ko‘ngilochar maskanlar quriladi. Infratuzilma ham chetda qolmaydi — ispaniyalik investorlar bilan hamkorlikda kanalizatsiya tizimi yangilanadi.
Yuk mashinalari harakatini qisqartirish uchun Oqdaryo, Toyloq va Samarqand tumanlaridan o‘tuvchi asosiy yo‘llar bo‘ylab 4 ta logistika markazi quriladi.
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi sessiyasida tashkiliy masala ham ko‘rib chiqildi. Prezident Samarqand viloyati hokimi lavozimiga hokim vazifasini bajarib kelayotgan Adiz Boboyev nomzodini tavsiya etdi.

Viloyat faollarining nomzod haqidagi fikrlari tinglangach, viloyat hokimini tayinlash masalasi ovozga qo‘yildi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, Adiz Boboyev viloyat hokimi etib tasdiqlandi.





