add

«SamAuto»da yangi qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqariladi

Kecha 20:102 daqiqa

«Anadolu Isuzu» ishtirokida Samarqand avtomobil zavodi modernizatsiya qilinib, ishlab chiqarish va eksport hajmlari oshiriladi.

«SamAuto»da yangi qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqariladi

Samarqand avtomobil zavodida qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yangi avtotransport vositalari va maxsus texnika ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bu rejalar Turkiyaning «Anadolu Isuzu» kompaniyasi tomonidan zavodda amalga oshirilishi kutilayotgan yangi loyihalar doirasida ma’lum qilindi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabariga ko‘ra, 9-yanvar kuni vazir Laziz Qudratov Turkiyaning Anadolu Group tarkibiga kiruvchi «Anadolu Isuzu» bosh ijrochi direktori Yusuf Tug‘rul Arikan bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqotda ikki tomonlama hamkorlikning joriy holati va uni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, mahalliylashtirish darajasini oshirish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar texnologiyalar transferi orqali mahsulot raqobatbardoshligini kuchaytirishni maqsad qilgan.

Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yil dekabr oyida «Anadolu Isuzu» kompaniyasi «SamAuto» aksiyalarining 75,2 foizini 80 million dollar evaziga sotib olgan. Zavodni bosqichma-bosqich rivojlantirish doirasida yangi modellar ishlab chiqarish, mahsulot turlarini kengaytirish va ishlab chiqarish hajmlarini oshirish rejalashtirilmoqda.

Yangi ishlab chiqarish quvvatlari nafaqat ichki bozor talabini qondirish, balki eksport geografiyasini ham kengaytirishga qaratilgan. Mahsulotlarni Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Afrika bozorlariga yetkazib berish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan.

Shuningdek, investor kelgusi yillarda «SamAuto»ni rivojlantirish uchun qo‘shimcha 80 million dollar sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Tomonlar uchrashuv yakunida avtomobilsozlik sohasida strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanini tasdiqladi.

Teglar

Mavzuga oid