
«SamAuto»dagi 75,2 foizlik davlat ulushi xususiylashtiriladi
30.09.2025 | 12:1015753
Turkiyaning «Anadolu Isuzu» kompaniyasi «Samarqand avtomobil zavodi»dagi davlatga tegishli 75,2 foiz ulushni 80 mln dollarga sotib oladi va shuncha miqdorda investitsiya kiritadi.

O‘zbekiston hukumati «Samarqand avtomobil zavodi» (SamAuto)dagi davlat ulushining 75,2 foizini xususiylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishdi, deb xabar bermoqda davlai aktivlarini boshqarish agentligi.
Ushbu kelishuv 2024 yil iyunda prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga oliy darajadagi tashrifi davomida «Anadolu Isuzu» kompaniyasi bilan imzolangan memorandumi asosida amalga oshirildi. Bu jarayonda moliyaviy maslahatchi sifatida «KPMG», yuridik maslahatchi sifatida esa «Dentons» jalb qilindi.
«Anadolu Isuzu»ning taklifida 80 mln dollarlik sotib olish narxi va 80 mln dollar investitsiya kiritish majburiyati belgilangan. Investitsiyalar doirasida O‘zbekistonda 12–18 metrli avtobus va elektrobuslar ishlab chiqarish, litsenziyalangan servis markazlari tashkil etish va mahsulotni Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz, Yaqin Sharq hamda Afrikaga eksport qilish rejalashtirilmoqda.
Zavodning boshqa ishtirokchilari — Yaponiyaning «ITOCHU CORP.» va «ISUZU MOTORS Ltd.» (har biri 12,4 foizlik ulushga ega) ham bitimni qo‘llab-quvvatladi. Ushbu taklif moliyaviy maslahatchi va mustaqil baholovchi «PwC» tomonidan belgilangan qiymat diapazoniga mos keladi.
Privatizatsiya natijalari davlat komissiyasi tomonidan ma’qullandi. Biroq bitim yakunlanishi uchun Turkiyaning tegishli organlaridan ruxsat olinishi zarur.





