
«Samsung» gadjetlar narxi qimmatlashishidan ogohlantirdi
«Samsung» xotira chiplari tanqisligi tufayli smartfon va elektronika narxlari oshishini bildirdi, bu esa 2026 yilda jahon bozoriga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Jahondagi eng yirik elektronika ishlab chiqaruvchilaridan biri — «Samsung Electronics» global miqyosda gadjetlar narxi oshishi muqarrarligini ma’lum qildi. Kompaniyaga ko‘ra, bu jarayonning asosiy sababi xotira chiplari bozorida yuzaga kelgan keskin tanqislikdir.
«Samsung» rahbariyati ta’kidlashicha, kompaniya dunyodagi eng yirik xotira ishlab chiqaruvchi bo‘lishiga qaramasdan, ishlab chiqarish xarajatlari o‘sishi va ta’minot zanjiridagi uzilishlar bosimini his qilmoqda. Bu haqda kompaniya vakili CES ko‘rgazmasi doirasida so‘z yuritgan, deb yozmoqda «Bloomberg».
«Samsung» global marketing rahbari Vonjin Lining aytishicha, yarimo‘tkazgichlar ta’minotidagi muammolar barcha ishlab chiqaruvchilarga ta’sir qiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, narxlar allaqachon o‘sishni boshlagan va ma’lum bir paytda bu yuk iste’molchilar zimmasiga o‘tish ehtimoli bor.
Xotira chiplari tanqisligiga asosiy turtki — sun’iy intellekt sohasidagi portlashdek o‘sish bo‘ldi. Yangi data-markazlar qurilishi yuqori o‘tkazuvchanlikka ega qimmat xotira turlariga bo‘lgan talabni keskin oshirdi. Natijada zavodlar ko‘proq CI uchun mo‘ljallangan chiplarga yo‘naltirilmoqda, maishiy elektronika uchun esa ta’minot qisqarmoqda.
«Counterpoint Research» tahlilchilariga ko‘ra, 2026 yil ikkinchi choragiga kelib xotira modullari narxi 50 foizgacha oshishi mumkin. Bu prognoz bozor ishtirokchilari uchun jiddiy signal sifatida qabul qilinmoqda.
Ayrim yirik kompaniyalar — «Dell», «Xiaomi» va «Lenovo» — allaqachon zaxiralarni ko‘paytirish yoki mijozlarni ehtimoliy qimmatlashish haqida ogohlantirishga kirishgan.
Shu bilan birga, «Samsung» 2026 yilga nisbatan ehtiyotkor optimizmni saqlab qolmoqda. Kompaniya sun’iy intellekt funksiyalari smartfonlarni tezroq yangilashga undashini va vertikal integratsiya «Samsung»ga raqobatchilar oldida ustunlik berishini qayd etmoqda.





