add

Sanepidqo‘mita havoda sog‘liqni asrash bo‘yicha tavsiyalar berdi

23.09.2025 | 11:0044953

Toshkent 22 sentyabrda dunyoning havosi eng iflos shaharlari reytingida birinchi o‘ringa chiqqandi. Hozir ham poytaxt havosi sifati inson salomatligi uchun xavfli darajada turibdi.

Sanepidqo‘mita havoda sog‘liqni asrash bo‘yicha tavsiyalar berdi
Havodagi mayda chang zarrachalari uy, ishxona va hatto avtomobillarga kirib, xona ichidagi havoni ham ifloslantirishi mumkin. Bu holat nafas yo‘llariga jiddiy zarar yetkazishi ehtimoldan xoli emas. Toshkent havosining ifloslanishi keskin kuchayishi ortidan Sanepidqo‘mita changli havoda asrash bo‘yicha maxsus tavsiyalar berdi. Avvalo, imkoni boricha tashqariga chiqmaslik, zarurat tug‘ilganda esa tibbiy niqob taqish va uni har ikki soatda almashtirish shart. Ko‘chadan qaytgach dush qabul qilish, soch va yuzni yuvish, telefon, kalit, sumka kabi buyumlarni nam salfetka bilan tozalash zarur. Ko‘chada kiyilgan kiyimlarni darhol yuvish yoki tashqarida qoqish lozim. Tomoq va burunni tuzli suv bilan tez-tez chayish nafas yo‘llarini himoya qiladi. Sog‘lom ovqatlanish ham muhim: ko‘proq suyuqlik, ko‘k choy, na’matak damlamasi, sabzavotli taomlar va sut mahsulotlari iste’mol qilish tavsiya etiladi. Yog‘li va tuzli taomlar esa kamaytirilishi kerak. Uy va ishxonada havoni toza saqlash uchun deraza va eshiklarni yopiq tutish, gilam va mebellarni changyutgich bilan tozalash, yuzalarni nam latta bilan artish shart. Xonada namlikni ta’minlash uchun idishlarga suv qo‘yish yoki nam sochiq osish mumkin. Mutaxassislar ayniqsa nafas yo‘li surunkali kasalliklari bor fuqarolarga changli havoda tashqariga chiqmaslikni qat’iy tavsiya qilishdi.

Teglar

Mavzuga oid

Sanepidqo‘mita havoda sog‘liqni asrash bo‘yicha tavsiyalar berdi | Vaqt.uz