add

Sanksiyalar sababli Putin samolyotiga Alyaskada yonilg‘i naqd pulga qo‘yilgan

18.08.2025 | 17:3029755

AQSH davlat kotibi Marko Rubio ma’lum qilishicha, Vladimir Putin va uning delegatsiyasi Alyaskadagi sammit paytida sanksiyalar sababli samolyot yonilg‘isi uchun naqd pul to‘lashga majbur bo‘lgan.

Sanksiyalar sababli Putin samolyotiga Alyaskada yonilg‘i naqd pulga  qo‘yilgan

Bu haqda AQSH davlat kotibi Marko Rubio NBC telekanaliga bergan intervyusida so‘zlab berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Rossiya har kuni «juda qattiq sanksiyalar» oqibatiga duch kelayotganining bir namunasi hisoblanadi.

«Ruslar Alyaskaga qo‘nganda, ularga yonilg‘i quyish kerak bo‘ldi. Ular o‘z samolyotlarini yonilg‘i bilan ta’minlash uchun naqd pul bilan to‘lashni taklif qilishga majbur bo‘lishdi, chunki ular bizning bank tizimimizdan foydalana olmaydi», — dedi siyosatchi.

Nemis nashri Bild esa, o‘z navbatida, Vladimir Putinning prezident bortidan tashqari, AQSH HHK Elmendorf-Richardson aviabazasiga (Ankorij) yana bir nechta samolyot qo‘nganini yozadi. Ular orqali Rossiya jurnalistlari hamda Putin va uning delegatsiyasi uchun avtomashinalar Alyaskaga yetkazilgan. Bild hisob-kitoblariga ko‘ra, faqat prezident bortining o‘zi to‘liq yonilg‘i bilan ta’minlanishi uchun, bak hajmi 152 620 litr bo‘lgani sababli, Rossiya delegatsiyasiga naqd pulda 85 ming AQSH dollari (72 611 yevro) to‘lashga to‘g‘ri kelgan.

Rubioning ta’kidlashicha, Donald Tramp ma’muriyati Rossiyaga nisbatan yangi cheklovlar joriy etmagan bo‘lsa-da, avvalgi sanksiyalar to‘liq kuchida qolmoqda. Unga ko‘ra, rossiyaliklar har kuni ushbu cheklovlarning oqibatlarini his qilmoqda, ammo ular haligacha Ukrainadagi urush yo‘nalishini o‘zgartirmagan.

Siyosatchi yangi sanksiyalar joriy etishning samaradorligiga shubha bildirdi. Uning fikricha, bu kabi cheklovlar darhol ta’sir ko‘rsatmasligi mumkin, balki oylar va yillar davomida amal qiladi. Shu bois Vashingtonda sanksiyalar orqali Rossiyani tezkor tarzda qurol tashlashga majbur qilish imkoni yo‘q, degan qarash ustun kelmoqda.

Rubioga ko‘ra, yangi cheklovlar e’lon qilinishi tinchlik muzokaralarini to‘xtatishi mumkin edi. Unga ko‘ra, agar Vashington qo‘shimcha sanksiyalar kiritsa, Rossiya bilan muloqot qilishga tayyor bo‘lgan hamkorlar qolmasligi ehtimoldan xoli emas.

Putin Alyaskada taxminan besh soat bo‘lib, Donald Tramp bilan birgalikda matbuot anjumanida qatnashdi. AQSH prezidenti kelishuvlarga erishilmaganini aytdi. Biroq media tarqatgan xabarlarga ko‘ra, Moskva Tramp orqali Kiyev bilan muhokama qilinishi mumkin bo‘lgan taklif bergan.

18 avgust kuni Donald Tramp avval Volodimir Zelenskiy bilan alohida uchrashadi, keyin esa Yevropa rahbarlari bilan sammit o‘tkazishi belgilangan. Uchrashuvda Yevropa komissiyasi prezidenti, NATO bosh kotibi, shuningdek, Fransiya, Finlyandiya, Buyuk Britaniya va Germaniya yetakchilari ishtirok etadi. Zelenskiy allaqachon Vashingtonga yetib kelgan.

Teglar

Mavzuga oid