add

Sanksiyalarga qaramay, Yevroittifoq Rossiyaning eng yirik savdo sheriklari uchligiga kirdi

26.10.2025 | 20:313432

2024 yilda Yevropa Ittifoqi Rossiyaning tashqi savdosida uchinchi o‘rinni egalladi. Sanksiyalarga qaramasdan, ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi 67,5 mlrd yevroni tashkil etdi.

Sanksiyalarga qaramay, Yevroittifoq Rossiyaning eng yirik savdo sheriklari uchligiga kirdi

Yevropa Ittifoqi joriy etilgan sanksiyalarga qaramasdan, Rossiya tashqi savdosida muhim o‘rinni saqlab qolmoqda. Nemis iqtisodiy instituti (IW) ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda YeI Rossiyaning uchinchi yirik savdo hamkoriga aylandi. Bild nashrining yozishicha, ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi 67,5 mlrd yevro (taxminan 78 mlrd dollar) ga yetgan.

Shu bilan birga, ko‘pgina Yevropa davlatlari Rossiyadan import hajmini keskin qisqartirgan. Masalan, Germaniya 2021 yilga nisbatan Rossiya bilan savdo hajmini 92 foizga kamaytirgan bo‘lsa-da, ikki davlat o‘rtasidagi umumiy savdo hajmi hali ham 9,5 mlrd dollar atrofida. Italiyada bu ko‘rsatkich 83 foizga, Belgiyada 67 foizga, Ispaniyada 63 foizga, Chexiyada 51 foizga, Slovakiyada esa 31 foizga pasaygan.

Shu bilan bir vaqtda, Vengriya Rossiya bilan savdo hajmini 31 foizga oshirib, 6,2 mlrd dollarga yetkazgan. Fransiya va Niderlandiya bilan tovar ayirboshlash mos ravishda 6 mlrd dollardan bo‘lgan. IW hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024 yilda Rossiya eksporti yillik 18 foizga o‘sib, 330 mlrd dollarga yetgan.

Rossiyaning asosiy savdo sherigi Xitoy bo‘lib qolmoqda — ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi 244,8 mlrd dollarga yetgan. Buning asosiy qismi neft, gaz va ko‘mir eksporti hisobiga. Xitoyga yetkazilgan energiya resurslari umumiy qiymati 130 mlrd dollarni tashkil etgan. Hindiston ikkinchi o‘rinni egallab, asosan neft importi hisobiga Rossiya bilan savdoni keskin oshirgan.

Solishtirganda, 2021 yildan buyon Rossiya bilan savdo hajmini oshirgan davlatlar ham bor: Armaniston (+423 foiz), Isroil (+240 foiz), O‘zbekiston (+135 foiz), Braziliya (+98 foiz), Ozarboyjon (+76 foiz), Misr (+70 foiz) va Turkiya (+53 foiz).

Rossiya Federal bojxona xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning yanvar–oktyabr oylarida asosiy savdo sheriklar Xitoy (33,8 foiz), Hindiston (8,8 foiz) va Turkiya (8,3 foiz) bo‘lgan. Shu bilan birga, Belarus, Qozog‘iston, Janubiy Koreya, Germaniya, Armaniston, Italiya va O‘zbekiston ham birinchi o‘ntalikka kirgan.

FBX rahbari Valeriy Pikalyov ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarim yilligida Rossiya eksporti 195,5 mlrd dollarni (-6 foiz), importi esa 131,6 mlrd dollarni (+1 foiz) tashkil etgan. Asosiy hamkorlar sifatida Xitoy, Turkiya, Hindiston, Belarus va Qozog‘iston qayd etilgan.

Teglar

Mavzuga oid

Sanksiyalarga qaramay, Yevroittifoq Rossiyaning eng yirik savdo sheriklari uchligiga kirdi | Vaqt.uz