add

Sanksiyalarni aylanib o‘tishga mo‘ljallangan Rossiya steyblkoini aylanmasi 100 mlrd dollardan oshdi

23.01.2026 | 09:202 daqiqa

Tahlilchilar hisobotiga ko‘ra, rublli steyblkoin orqali amalga oshirilgan operatsiyalar hajmi rekord darajaga yetdi va sanksiyalar samaradorligiga savollar tug‘dirdi.

Sanksiyalarni aylanib o‘tishga mo‘ljallangan Rossiya steyblkoini aylanmasi 100 mlrd dollardan oshdi

2026 yil 22-yanvarda e’lon qilingan «Elliptic» hisobotiga ko‘ra, rublga bog‘langan A7A5 ishga tushirilganidan keyin bir yilga ham yetmay, 100 mlrd DOLLARdan ortiq mablag‘ aylanmasida foydalanilgan. Tahlilchilar 250 mingga yaqin tranzaksiyani, 41,3 mingta unikal manzil ishtirokida qayd etgan. Token egalari soni esa 2025 yil yozidagi 14 mingdan 35,5 mingtagacha oshgan.

Elliptic ma’lumotlariga ko‘ra, A7A5 asosan rubl va dollarga bog‘langan USDT o‘rtasidagi «ko‘prik» vazifasini bajaradi. Bu mexanizm mablag‘larni dollar kriptolikvidligiga tez o‘tkazish, keyin esa qayta rubl zonasiga qaytarish imkonini berib, blokirovkalar xavfini kamaytiradi.

Sanksiya sharoitida o‘sish

2025 yil sentabrida A7A5 Rossiyada raqamli moliyaviy aktiv sifatida tan olindi va eksport operatsiyalarida qo‘llashga ruxsat berildi. Faollikning yangi to‘lqini esa kuzda, tokenni «Promsvyazbank» kartalari orqali sotib olish imkoniyati ochilganidan keyin kuzatildi. Faqat shu kanal orqali taxminan 26 mln dollar o‘tkazilgan.

Bundan tashqari, xorijiy servislar uchun to‘lov qilishga mo‘ljallangan «Stablepay» virtual kartasi hamda A7A5 bilan ta’minlangan raqamli qarz raspiskasi joriy etildi. Ushbu raspiskadan 2,3 ming dona chiqarilib, $8,6 mlnlik aylanma amalga oshirilgan. Loyiha moldovalik biznesmen Ilan Shor va bank ishtirokida ishga tushirilgan.

Cheklovlar va sekinlashuv

Shunga qaramay, «Elliptic» ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil iyulidan keyin yirik yangi token chiqarishlar deyarli qayd etilmagan. Kunlik o‘rtacha aylanma 1,5 mlrd dollardan 500 mln dollargacha pasaygan. Tahlilchilar bunga xalqaro sanksiyalar sabab bo‘layotganini ta’kidlaydi.

Yevropa Ittifoqi sanksiyalarining 19-paketi doirasida A7A5, uning emitenti «Old Vector» va «Grinex» birjasi cheklovlarga tushdi. AQSH ham avgust oyida shunday chora ko‘rdi. 2025 yil noyabrida esa «Uniswap» platformasi A7A5ga ega bo‘lishni chekladi. Mutaxassislar fikricha, A7A5 misoli dollarda bo‘lmagan steyblkoinlar sanksiyalarni aylanib o‘tishda samarali ekanini ko‘rsatdi, ammo bosim kuchayishi uning kelajak o‘sishini cheklab qo‘yadi.

Teglar

Mavzuga oid