
Sanoat hajmi 1,1 kvadrillion so‘mga yetdi: qaysi yo‘nalishlar yetakchi?
2025 yilda O‘zbekiston sanoatida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish yetakchi o‘rinni qayd etdi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonda jami 1,1 kvadrillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi.
Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 6,8 foizga o‘sgan bo‘lib, sanoat tarmog‘i mamlakat iqtisodiy o‘sishining muhim drayverlaridan biri bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan sanoat mahsulotlari hajmi respublika bo‘yicha 29,1 million so‘mni tashkil etdi.
2026 yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 59,8 mingta sanoat korxonasi faoliyat yuritmoqda. Ushbu korxonalar iqtisodiyotning turli sohalarida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, bu tarmoqda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi ham sezilarli darajada ortgan.
Yetakchi yo‘nalishlar
Iqtisodiy faoliyat turlari kesimida eng ko‘p sanoat korxonalari oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sohasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu yo‘nalishda 11,9 mingta korxona faoliyat olib bormoqda. Keyingi o‘rinlarda boshqa nometall mineral mahsulotlar ishlab chiqarish sohasi bo‘lib, bu yo‘nalishda 8,3 mingta korxona qayd etilgan. Kiyim-kechak ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi korxonalar soni esa 6 mingtani tashkil etadi.
Qayta ishlash tarmoqlari
Tayyor metall buyumlar ishlab chiqarish sohasida 4,8 mingta, mebel ishlab chiqarishda 4,1 mingta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘nalishida 3,7 mingta, rezina va plastmassa buyumlari ishlab chiqarish sohasida esa 2,8 mingta sanoat korxonasi mavjud.
Umuman olganda, 2025 yil natijalari sanoat sohasida barqaror o‘sish saqlanayotganini va iqtisodiyot tarkibida qayta ishlash hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning 2025 yilgi iqtisodiyoti o‘sishi 7,7 foizni tashkil qilgani haqida xabar bergandik.





