
Sardor Umrzoqov Iordaniya Podshohi bilan uchrashdi
01.10.2025 | 21:3032273
Uchrashuvda mintaqadagi, xususan G‘azo, G‘arbiy sohil va Quddusda yuz berayotgan so‘nggi voqealar ham muhokama qilingan.

Kecha, 30 sentyabr kuni O‘zbekiston prezidentining strategik rivojlanish bo‘yicha maslahatchisi Sardor Umrzoqov Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn bilan uchrashdi. Bu haqda Podshohning rasmiy sahifasida xabar berildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston rasmiy vakilining yuqori darajadagi rasmiy delegatsiya boshchiligida Iordaniyaga tashrifi qirolning o‘tgan oyda O‘zbekistonga qilgan safari natijalarini kuzatib borish doirasida amalga oshirilgan. Bundan tashqari, Sardor Umrzoqov Iordaniyaning bir qator tegishli mansabdor shaxslari bilan uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.
«Uchrashuvda, podshoh Iordaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik aloqalarini mamnuniyat bilan ta’kidlab, mavjud rivojlanish imkoniyatlaridan, ayniqsa savdo, investitsiyalar, sog‘liqni saqlash, ta’lim, turizm va mudofaa sohalarida foydalanish zarurligini qayd etdi», - deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, podshohning diniy va madaniy masalalar bo‘yicha bosh maslahatchisi va shaxsiy vakili, shahzoda G‘ozi bin Muhammad ishtirok etgan ushbu uchrashuvda mintaqadagi, xususan G‘azo, G‘arbiy sohil va Quddusda yuz berayotgan so‘nggi voqealar ham muhokama qilingan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 23 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining yubiley sessiyasi doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al-Husayn bilan uchrashuv o‘tkazgandi.





