add

Saudiya Arabistoni AQSHdan 200 ta dron sotib olishi mumkin

22.05.2025 | 15:4517454

Saudiya Arabistoni AQSHdan 200 ga yaqin MQ-9 Reaper dronlarini xarid qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Ta’kidlanishicha, ushbu shartnoma tarixdagi eng yirik dron kelishuvlaridan biri bo‘lishi mumkin.

Saudiya Arabistoni AQSHdan 200 ta dron sotib olishi mumkin
Saudiya Arabistoni va AQSH hukumatlari o‘rtasida 200 ta MQ-9 Reaper dronini xarid qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotgani ma’lum qilindi. Bu haqda Breaking Defense nashri General Atomics kompaniyasi vakillariga tayanik holda xabar berdi. Ushbu kelishuv AQSH prezidenti Donald Trampning Saudiyaga safari davomida e’lon qilingan 142 milliard dollarlik mudofaa bitimi doirasida ko‘rib chiqilayotgan bo‘lib, Oq uy bu paketning aniq tafsilotlarini ochiqlamagan. General Atomics ma’lumotiga ko‘ra, bitimga SkyGuardian va SeaGuardian kabi MQ-9 dronlarining turli modifikatsiyalari kiritilishi mumkin. Kelishuv AQSH iqtisodiyoti uchun katta ahamiyat kasb etishi, xususan, mamlakatda 46 mingta ish o‘rni yaratilishi ta’kidlandi. General Atomics prezidenti Devid Aleksandr 2024 yilda mazkur muzokaralarni «kompaniya tarixidagi eng yirik xalqaro bitim» deb atagan edi. Masalaning strategik ahamiyatini sharhlar ekan, Rabdan instituti tadqiqotchisi Kristian Aleksandr Saudiyaning dronlar orqali harbiy doktrina va razvedka tizimini modernizatsiya qilish niyatini qayd etdi. Uning fikricha, bu taktik qadamlardan tashqari, butun mamlakat hududini qamrab oluvchi, tahdidlarga qarshi turadigan ko‘p qatlamli tizim yaratishni ko‘zda tutadi. Shu bilan birga, dronlarning ishonchliligi bo‘yicha savollar yuzaga kelmoqda. Xususan, so‘nggi haftalarda Yamandagi husiylar tomonidan AQSHga tegishli 7 ta dronning urib tushirilgani xabar qilingan. 2023 yil 7 oktyabrdan buyon 21 ta dron yo‘q qilingan. Mustaqil tadqiqotchi Yakopo Mariya Mazzukko MQ-9 dronlari yuqori qiymatga ega platforma ekanini tan olgan holda, ularning havo mudofaasiga qarshi zaifligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yamandagi husiylar Rossiya yoki Xitoy kabi ilg‘or texnologiyalarga ega emas, ammo shunda ham dronlarni yo‘q qilmoqda. Saudiya Arabistonining bu dronlardan chegara nazorati, nishonni aniqlash va qo‘shinlarga razvedka ma’lumotlari yetkazish kabi vazifalarda foydalanishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid