add

Saudiya Arabistoni barcha viza egalariga umra qilishga ruxsat berdi

08.10.2025 | 13:3044583

Yangi tartibga ko‘ra, mamlakatga kirish vizasiga ega bo‘lgan har bir shaxs umra ziyoratini bajarishi mumkin.

Saudiya Arabistoni barcha viza egalariga umra qilishga ruxsat berdi
Saudiya Arabistoni Haj va umra ishlari vazirligi mamlakatga kirish uchun amal qiluvchi har qanday viza egalariga umra ibodatini bajarishga ruxsat berdi. Bu haqda Gulf News nashri xabar berdi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, endi Saudiya Arabistoniga keluvchi fuqarolar umrani faqat maxsus diniy viza bilan emas, balki barcha turdagi vizalar — shaxsiy, oilaviy, elektron turizm, tranzit yoki mehnat vizalari orqali ham ado etishlari mumkin. «Saudiya Arabistoniga safar qilib, umra qilishni niyat qilganmisiz? Endi siz bu ibodatni har qanday amaliy viza bilan bajarishingiz mumkin», — deyiladi vazirlik bayonotida. Shuningdek, endilikda umra vizasini rasmiylashtirish Nusuk Umrah raqamli platformasi orqali onlayn amalga oshiriladi. Ziyoratni rejalashtirayotganlar internet orqali tegishli xizmatlar paketini tanlab, hujjatlarni masofadan rasmiylashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Vazirlik ta’kidlashicha, mazkur qaror ziyoratchilar uchun ma’muriy jarayonlarni yengillashtirish va diniy turizm sohasini rivojlantirishga xizmat qiladi. Bu qadam mamlakatning «Vision 2030» milliy strategiyasi doirasida umra va haj xizmatlarini raqamlashtirish hamda Saudiyaga keluvchi ziyoratchilar sonini oshirish rejasiga mos ravishda qabul qilindi.

Teglar

Mavzuga oid