
Saudiya Arabistoni va Rossiya neft qazib olish masalasida OPEC+da tortishmoqda
04.10.2025 | 15:4538683
Yakshanba kuni bo‘lib o‘tadigan OPEC+ yig‘ilishida Saudiya neft qazib olishni keskin oshirishni talab qilmoqchi, Rossiya esa sanksiyalar sabab ehtiyotkorlikka chaqirmoqda.

OPEC+ guruhiga a’zo sakkiz mamlakat 5 oktyabr, yakshanba kuni neft qazib chiqarish hajmini oshirish masalasini muhokama qiladi. Reuters xabariga ko‘ra, Saudiya Arabistoni va Rossiya o‘rtasida bu masalada jiddiy kelishmovchilik kuzatilmoqda.
Manbalarning ma’lum qilishicha, Moskva noyabr oyidan qazib olishni kuniga 137 ming barrelga oshirish tarafdori. Bu oktyabrdagi ko‘rsatkich bilan bir xil bo‘lib, narxlarga bosim qilmaslik va sanksiyalar sabab Rossiya uchun ishlab chiqarishni ko‘paytirish murakkabligidan kelib chiqadi.
Saudiya Arabistoni esa keskinroq pozitsiyani egallab, qazib olishni ikki, uch yoki to‘rt baravar ko‘paytirishni taklif qilmoqda — ya’ni kunda 274 mingdan 548 ming barrelgacha. Saudiyaning maqsadi — bozordagi ulushini tezroq qaytarish va raqobatda ustunlikka erishish.
OPECning o‘zi esa shu hafta boshida 500 ming barrellik qo‘shimcha oshirish rejalari yo‘qligini bildirgan edi. Shunday bo‘lsa-da, Saudiyaning bosimi va Rossiyaning ehtiyotkor pozitsiyasi yakshanba kunigi yig‘ilishda tortishuvlarni kuchaytiradi, deydi ekspertlar.
Kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, Saudiya va Rossiya o‘rtasidagi tortishuv nafaqat neft narxlariga, balki global energetika bozoridagi barqarorlikka ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.





