add

Saudiya Arabistonining neft eksporti Rossiya iqtisodiyotiga zarba bo‘lmoqda

02.07.2025 | 09:0016824

Saudiya Arabistoni o‘z neft eksport hajmini keskin oshirib, jahon bozoridagi o‘rnini qayta tiklashga harakat qilmoqda. Bu holat Rossiya iqtisodiyoti uchun katta qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkin.

Saudiya Arabistonining neft eksporti Rossiya iqtisodiyotiga zarba bo‘lmoqda
Bloomberg nashrining yozishicha, iyun oyida Saudiya Arabistoni neft eksport hajmini kunlik 441 ming barrelga ko‘paytirib, 6,36 mln barrelga yetkazdi. Bu so‘nggi 13 oy ichidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, mamlakat global bozordagi hissasini oshirish uchun jiddiy qadam tashlamoqda. Qizig‘i shundaki, mamlakatdagi issiq iqlim sharoitida ichki yoqilg‘i ehtiyoji oshib borayotganiga qaramay, eksport hajmi izchil oshirilmoqda. Ar-Riyodning neft jo‘natmalari Fors ko‘rfazi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali amalga oshirilmoqda. Bu yo‘nalish mintaqadagi siyosiy beqarorlikka qaramasdan, barqarorligini saqlab turibdi. Saudiya Arabistoni OPEC+ kelishuvlaridan tashqari tarzda harakat qilayotgan ko‘rinadi. Aslida, unga har oy 167 ming barrel qo‘shimcha hajmga ruxsat etilgan edi. Biroq hozirdagi hajmlar ko‘proq hujumkor bozor strategiyasini aks ettirmoqda. Ko‘pchilik tahlilchilarning fikricha, Saudiya Arabistonining bunday siyosatini AQSH manfaatlari bilan uyg‘unlashtirish mumkin. Natijada, jahonda neft narxi pasayib, barreliga bahosi 67 dollarga tushib ketdi. Shuningdek, London bozorida neft fyucherslari 12 foizga arzonlashdi. Joriy yil iyunida mamlakat portlaridan taxminan 190 mln barrel neft jo‘natilgani qayd etilgan. Ar-Riyodning bunday qadami bozorda kutilmagan holat sifatida baholanmoqda. Saudiya rahbariyati bu orqali so‘nggi yillarda AQSHning slanets nefti va boshqa yetkazib beruvchilar sabab yo‘qotilgan ulushini tiklashga intilmoqda. Natijada, mamlakat neft ishlab chiqarish va eksport bo‘yicha oldingi cheklovchi siyosatidan voz kechib, faol bozordagi ishtirokchiga aylanmoqda. Bu jarayon esa Rossiya uchun katta muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Chunki arzon neft Rossiya byudjetiga kirimlarni qisqartiradi. Ayniqsa, Ukrainaga qarshi urush xarajatlari oshib borayotgan bir vaqtda, bu mamlakat moliyaviy barqarorligiga jiddiy zarba bo‘lib tushishi tayin. Rossiyaning zaxira mablag‘lari esa bunday yirik kamomadlarni qoplash uchun yetarli bo‘lmay qolmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Saudiya Arabistonining neft eksporti Rossiya iqtisodiyotiga zarba bo‘lmoqda | Vaqt.uz