
Saudiya Ka’baga o‘xshatib qurilayotgani aytilgan «Mukaab»ni to‘xtatishga majbur bo‘ldi
2023 yilda butun dunyoni hayratga solgan «Mukaab» va «The Line» loyihalari 2026 yilga kelib Saudiya Arabistoni Suveren jamg‘armasi uchun ortiqcha yukka aylandi. Ichiga 20 ta Empire State Building sig‘ishi va’da qilingan ulkan kub va 170 kilometrli futuristik shahar qurilishi nega dastlabki bosqichlardayoq to‘xtab qoldi?

Dunyoga o‘ta boy Saudiya shayxlari tomonidan va’da qilingan yana bir mahobatli loyiha, aftidan, amalga oshmaydigan ko‘rinadi. Ar-Riyodda poytaxtning yangi ishbilarmonlik markazi javohiriga aylanishi kutilgan ulkan «Mukaab» osmono‘par binosini qurish rejalashtirilgan edi. Biroq Saudiya Arabistoni Suveren jamg‘armasi hisob-kitoblaridan so‘ng, kelajakdagi foyda chamalanib, hozir bunday dabdabalarning vaqti emas, degan qarorga kelindi.
«Mukaab» — Ar-Riyodning ulkan «Kub»i
2023 yilda valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon maydoni qariyb 20 kvadrat kilometr bo‘lgan «Yangi Murabba» — Ar-Riyod ishbilarmonlik markazi qurilishini e’lon qilgan edi. Uning kamida to‘rtdan bir qismini yashil hududlar egallashi, markazda esa misli ko‘rilmagan bino — arabchada «kub» ma’nosini anglatuvchi «Mukaab» qad ko‘tarishi kerak edi.
Binoning balandligi va kengligi 400 metrdan bo‘lishi mo‘ljallangan bo‘lib, bu uni Saudiya Arabistonidagi eng baland va dunyodagi eng sig‘imli inshootga aylantirardi: reklama roliklarida aytilganidek, uning ichiga 20 ta Empire State Building binosi sig‘adi. U yerda tomoshabinlar bevosita ishtirok eta oladigan ko‘ngilochar maskanlar, texnologiyalar va raqamli shoular markazi joylashishi lozim edi. Ulkan gumbazga sun’iy intellekt boshqaruvidagi golografik tasvirlarni tushirish ham rejalashtirilgan edi.
Loyihaning ko‘lami va kutilgan natijalar
Bu loyihani 300 metr balandlikdagi terrasalardan turib tomosha qilish mumkin bo‘lardi. Ichki minora bo‘ylab minglab sayyohlik maskanlari va do‘konlar o‘rin olishi kerak edi. Majmuada jami 100 mingdan ortiq turar joy, 9 mingta mehmonxona xonalari, qariyb 1,5 million kvadrat metr ofis maydoni, shuningdek, texnologiya va dizayn universiteti barpo etilishi ko‘zda tutilgandi. Bu ulkan loyihani 2030 yilda to‘liq foydalanishga topshirishmoqchi edi. Endi barcha ishlar poydevor qazish bosqichidayoq to‘xtatib qo‘yildi.
Iqtisodiy reallik va neft narxining ta’siri
2023 yilda amalga oshirsa bo‘ladigan mo‘’jizadek ko‘ringan loyiha 2026 yil boshiga kelib asossiz dabdaba sifatida qabul qilinmoqda. Suveren jamg‘arma xarajatlarni optimallashtirishga va diqqatga sazovor joylar qurilishini kechiktirishga qaror qildi. Neft narxi bunday injiqliklar uchun sarf-xarajat qilishga imkon beradigan darajada yuqori emas.
Amalga oshmayotgan orzular
Xarajatlarni qisqartirishning birinchi «qurboni» butun dunyoga shov-shuv qilingan NEOM — Saudiya Arabistonining futuristik megaloyihasi bo‘ldi. U cho‘l qo‘ynidagi uzunligi 170 kilometr, balandligi 500 metr va kengligi 200 metr bo‘lgan, to‘liq qayta tiklanuvchi energiya bilan ishlaydigan yagona ulkan bino shaklidagi chiziqli shahar edi.
Shahar 9 million aholiga mo‘ljallangan bo‘lib, ilk ko‘chib keluvchilar 2025 yildayoq joylashishi kerak edi. Biroq loyiha xom bo‘lib chiqdi, ko‘plab tuzatish va o‘zgarishlarni talab qildi; qurilish boshidanoq va’da qilingan sur’atda ketmadi, hozir esa deyarli to‘xtab qolgan. Ulkan kotlovanlar va minglab qoqilgan ustunlar shahzodaning amalga oshmagan orzusini eslatib turibdi.
Din peshvolari tomonidan musulmonlarning Makka shahridagi muqaddas qiblagohi — Ka’bani eslatgani bois hurmatsizlik sifatida baholanib, keskin tanqid qilingan «Mukaab» loyihasi ham orzuligicha qoldi.





