
Savdo platformalari tadbirkorga ortiqcha to‘siq qo‘ymasligi kerak — tadbirkor
06.09.2025 | 19:307245
Davlat xaridlarida ishtirok etayotgan tadbirkorlar savdo platformalarida uchrayotgan ortiqcha talab va byurokratiya tufayli bozorga kirish qiyinlashayotganini aytdi.

Savdo-sanoat palatasi tomonidan davlat xaridlarida ishtirok etuvchi tadbirkorlar bilan 6-sentyabr kuni ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda tadbirkorlar o‘z muammo va murojaatlarini aytishdi.
Mahalliy gigiyenik mahsulotlar ishlab chiqaruvchi «Ortofarm» kompaniyasi bozorga chiqish jarayonidagi qiyinchiliklar haqida fikr bildirdi. Korxona hozirda 37 turdagi plastir va shunga o‘xshash bir martalik mahsulotlarni sotuvga qo‘ygan, shundan 20 ga yaqini to‘liq mahalliy siklda ishlab chiqariladi.
Tadbirkorning ta’kidlashicha, har bir mahsulot albatta sertifikatlanishi va ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart. «Mahsulotlarimizni UzTest orqali gigiyenik sifatida tasdiqlatganmiz. Import mahsulotda «importyor», mahalliy mahsulotda esa «ishlab chiqaruvchi» yoziladi. Shu sertifikat bilan bozorga kirishimiz mumkin edi», — dedi Ortofarm vakili.
Biroq cooperation.uz savdo platformasiga kirish jarayonida kompaniyadan qo‘shimcha tarzda «mahalliy ishlab chiqaruvchi» sertifikati ham so‘ralgan. Buning uchun korxona O‘zbekekspertiza orqali ekspertiza o‘tkazishga majbur bo‘lgan. Tekshiruv natijasida 37 tur mahsulotdan 16 tasini platformaga joylash imkoni bo‘lgan.
Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, bu talablar ortiqcha byurokratiyaga aylanmoqda: «Maqsad bitta bo‘lishi kerak — ishlab chiqaruvchimisiz, yo‘qmi? Agar ishlab chiqaruvchi bo‘lsak, savdoda qatnashishga haqqimiz bor. Qolgan masalani xaridorning o‘zi hal qilsin».
Shu bilan birga, tadbirkor bozordagi savdo maydonlari sonining ko‘pligi haqida ham to‘xtaldi. Uning aytishicha, rasmiy ro‘yxatda 30 dan ziyod platforma mavjud, ammo amalda faqat to‘rttasi ishlaydi. Buni soddalashtirib, aniq ishlaydigan platformadan to‘liq foydalanish ma’qulligini aytdi.
Birja vakillari esa har bir platforma jahon amaliyotidan kelib chiqqan holda joriy etilganini, ularning har biriga xos afzalliklari borligini ta’kidlashdi.
«Birjaga kelsangiz, sizga tushuntirib beramiz: har bittasida qanday ishtirok etasiz, qanday savdolar bo‘lib o‘tadi, natijasi qanday bo‘ladi, shartnoma tuziladi. Undan tashqari, xususiy o‘quv sektori, kurslari bor yoki Moliya vazirligining qoshida alohida o‘quv markazlari bor. Bunda o‘qib, malakagizni oshirsangiz, foydadan xoli bo‘lmaydi», — dedi Tovar-xomashyo birjasi rahbari Mansur To‘ychiyev .Savdo-sanoat palatasi vakili esa bu ishni yendi boshlagan tadbirkorlar uchun murakkabligi haqiqat ekanini, shu sabab uni soddalashtirish zarurligini qayd etdi. Masala behuda ko‘tarilmayotgani, ko‘pchilikda bu borada tushunmovchiliklar mavjudligi sabab uslubiy qo‘llanma tayyorlash taklifi bildirildi.





