
«Sea Breeze Uzbekistan» bo‘yicha hukumat qarori: loyihani amalga oshirish shartlari belgilandi
03.08.2025 | 20:0012483
Vazirlar Mahkamasining «Sea Breeze Uzbekistan» umummavsumiy kurort majmuasini barpo etish bo‘yicha yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish chora tadbirlari to‘g‘risidagi qarori e’lon qilindi.
1 avgust kuni imzolangan hukumat qaroriga ko‘ra, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani hududidagi 577 ga yer maydonida qiymati 5 mlrd AQSH dollarini tashkil etadigan umummavsumiy kurort majmuasini barpo etish bo‘yicha yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish yuzasidan «Agalarov Development» MCHJ (Ozarboyjon) ishtirokida «Sea Breeze Uzbekistan» MCHJ qo‘shma korxonasining takliflari eng yaxshi taklif sifatida tanlab olingan.
Hukumat qarorida «Sea Breeze Uzbekistan» MCHJ QKga loyihani amalga oshirish bo‘yicha bir qator huquq va vaziflar ham belgilangan.
Jumladan, loyiha qurilishida Chorvoq suv omboriga bir tomchi ham oqava suv tushirilmasligi shart etib belgilandi. Kurort hududida atrof-muhit holati, jumladan, suv sifati ustidan davlat organlari tomonidan doimiy nazorat o‘rnatiladi.
Loyihani amalga oshirishda buziladigan har qanday xususiy mulk ob’ektlari, shu jumladan, dala hovlilar va mulkchilikning boshqa shakllari kompensatsiyalanadi.
Yashil maydonlar ekologik va estetik qiymati darajasiga ko‘ra tasniflanadi va eng muhim namunalarga nisbatan kesish emas, balki ko‘chirib o‘tkazish choralari ko‘riladi.
Bosh prokuratura kurort hududida barcha shaharsozlik va ekologik me’yorlarga rioya etilishini alohida nazoratga oladi. Ekologiya vazirligi va Bosh prokuratura dastlabki loyiha yechimlaridan tortib, ob’ektlarni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarning shaffofligi va qonuniyligini ta’minlashga mas’ul hisoblanadi.
Shuningdek, hukumat qarori bilan «Sea Breeze Uzbekistan» umummavsumiy kurort majmuasini barpo etish bo‘yicha respublika ishchi guruhini tashkil etish belgilangan.





