
«Sea Breeze Uzbekistan» soliq va bojxona imtiyozlariga ega bo‘ladi
04.08.2025 | 17:4048203
«Sea Breeze Uzbekistan» Chorvoq turistik-rekreatsion zonasi ishtirokchisi sifatida erkin iqtisodiy zona maqomini oldi. Bu unga O‘zbekistondagi maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risidagi qonunlarga muvofiq barcha soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalanish huquqini beradi.
Mazkur maqomga ko‘ra, kompaniya mol-mulk solig‘idan, yer solig‘idan hamda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan ozod qilinadi. Shuningdek, respublikada ishlab chiqarilmaydigan qurilish materiallari va texnologik uskunalar, investitsiya bitimi doirasida olib kiriladigan xom ashyo, materiallar va butlovchi qismlar bojxona to‘lovlaridan ham ozod etiladi.
Loyiha amalga oshirilishi davomida «Sea Breeze Uzbekistan» chetdan olib kiriladigan uskunalar va qurilish materiallari uchun qo‘shimcha xarajat qilmaydi. Bu esa Chorvoq hududida yirik turistik infratuzilma qurilishini tezlashtirishi va sarmoya miqdorini sezilarli darajada qisqartirishi kutilmoqda.
«Sea Breeze Uzbekistan» — Chorvoqda zamonaviy dam olish maskanini barpo etishni ko‘zda tutgan yirik turistik-mehmonxona loyihasi bo‘lib, u faqat ichki emas, balki xalqaro sayyohlarni jalb qilishni ham maqsad qilgan. Loyiha amalga oshirilganda hududda mehmonxona, villalar, restoranlar, savdo va ko‘ngilochar ob’ektlar, shuningdek, sport va suv-sayohat infratuzilmasi paydo bo‘lishi rejalashtirilgan.
Mahalliy mutaxassislar fikricha, bunday imtiyozlar loyihani amalga oshirish jarayonini moliyaviy jihatdan yengillashtirib, Chorvoq turistik hududini jadal rivojlantirishga xizmat qiladi.
Avvlroq, Vazirlar Mahkamasining «Sea Breeze Uzbekistan» umummavsumiy kurort majmuasini barpo etish bo‘yicha yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish chora tadbirlari to‘g‘risidagi qarori haqida yozgan edik.





