
Senat dala chetlariga ekin ekmagan fermerlarga uch barobar soliq joriy etishni nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi
Dala chetlariga ekin ekmagan yoki kanal atrofini bo‘sh qoldirgan fermerlar endi katta jarima va oshirilgan soliq to‘lashga majbur bo‘ladi.

Oliy Majlis Senatining 11-yalpi majlisida «Dala chetlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.
Qonun bilan fermerlarning yerdan samarali foydalanishi, ayniqsa, dala chetlari va kanallar bo‘ylarini bo‘sh qoldirmaslik bo‘yicha majburiyatlar kuchaytirilmoqda.
Qonunga muvofiq, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 65-moddasiga kiritilayotgan qo‘shimchaga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanuvchi yoki ijarachi fermerlar dala chetlariga yoki suv inshootlari atrofiga ekin ekmagan taqdirda, ularga bazaviy hisoblash miqdorining uch barobaricha jarima solinadi.
Shuningdek, Soliq kodeksiga ham tegishli o‘zgartishlar kiritilmoqda. Endi fermer xo‘jaliklari har yili 1 mayga qadar belgilangan maydonlarga «maqbul» turdagi ekinlar ekishlari shart bo‘ladi. Agar bu talab bajarilmasa, fermer yer maydonining ekin ekilmagan qismi uchun soliq stavkasining uch barobar miqdorini to‘laydi.
Mutaxassislar fikricha, qonunning asosiy maqsadi — har bir gektar yerdan oqilona foydalanish, hosildorlikni oshirish va suv manbalarini muhofaza qilishdir. Bunda kanal va kollektor-drenaj atrofidagi bo‘sh yerlardan sabzavot yoki yem-xashak mahsulotlari yetishtirish maqsadida foydalanish tavsiya etiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullanib, keyingi tasdiq uchun prezidentga yuborildi. Qonun kuchga kirgach, fermerlar dala atrofidagi yerlardan samarali foydalanmagani uchun jarima va oshirilgan soliq to‘lovlariga tortiladi.





